Peruda 6,7 magnitudali zilzila: yer silkinishi Kolumbiyada ham sezildi
Hududlarda aholi xavfsizlik maqsadida uylarini tark etgan.

Peruning markaziy qismida 6,7 magnitudali zilzila qayd etildi. Mamlakat Geofizika instituti ma’lumotiga ko‘ra, yer silkinishlari Junin va Pasko mintaqalari chegarasidagi Junin ko‘li yaqinida yuz bergan. Zilzila o‘chog‘i 122 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Yevropa-O‘rta yer dengizi seysmologiya markazi zilzila magnitudasini 6,8 deb baholagan.
Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, yer silkinishlari Peru poytaxti Lima va unga yaqin joylashgan Kallao mintaqasida sezilgan. Kolumbiyaning ayrim hududlarida ham zilzila qayd etilgani xabar qilingan.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi boshida Panamada 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan edi. O‘shanda Tinch okeani sunami haqida ogohlantirish markazi Panama qirg‘oqlari, shuningdek, Kolumbiya, Kosta-Rika, Ekvador va Markaziy Amerikaning boshqa hududlari uchun sunami xavfi haqida ogohlantirgan.
Zilzila oqibatida Panamaning bir nechta provinsiyalarida turar joylar, davlat binolari, maktablar, shifoxonalar, korxonalar va yo‘llarga zarar yetgani xabar qilingan.








