Tramp Putin urushdan charchaganini aytdi va Yevropa hamda Ukrainani kelishuvga chaqirdi
AQSh prezidenti Yevropa davlatlariga Ukrainaga milliardlab dollar sarflash o‘rniga, mablag‘larni o‘z ehtiyojlariga yo‘naltirishni maslahat bergan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralardan so‘ng Yevropa yetakchilari va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Rossiya bilan tinchlik kelishuviga erishishga chaqirdi. Bu haqda The Washington Post nashri xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Berlinda Yevropa Ittifoqi yetakchilari uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgan vaqtda Tramp ularga Air Force One samolyotidan qo‘ng‘iroq qilgan. Suhbat davomida u Putinning urushdan charchaganini va bir necha oy avval rozi bo‘lmagan ayrim yon berishlarga endi tayyor ekanini aytgan.
Shuningdek, AQSh prezidenti Yevropa davlatlariga Ukrainaga milliardlab dollar sarflash o‘rniga, mablag‘larni o‘z mamlakatlarining ehtiyojlariga yo‘naltirishni maslahat bergan.
Biroq Putin Tramp bilan uchrashuvdan keyin ham avvalgi talablarini, jumladan, Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqish shartini takrorlagan. Shuningdek, u Qrim ko‘prigiga berilgan zarbalardan keyin cheklangan sulh bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash imkoniyatini rad etib, javob hujumlarini va’da qilgan.
Yevropa davlatlari rahbarlari esa Ukrainani moliyalashtirishda davom etish niyatlarini tasdiqlagan. Germaniya kansleri Fridrix Merts Putin, Tramp va Xitoy raisi Si Szinpinning Shenchjendagi uchrashuvini «fotosuratga tushish uchun bahona» deb atagan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Ukrainaning NATOga a’zoligi masalasini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan.
AQSh prezidentining maxsus elchilari Jared Kushner va Steve Witkoff Vashington Yevropa ishtirokida tinchlik kelishuviga erishishga umid qilayotganini bildirgan.
Kushnerning aytishicha, AQSh Rossiyani NATO Nizomining 5-moddasiga o‘xshash tarzda Ukraina uchun G‘arb xavfsizlik kafolatlarini qabul qilishga yaqinlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.







