AQSh aeroportlarida ommaviy kechikishlar: minglab reyslar bekor qilindi
Samolyotlarning og‘irligi va muvozanatini hisoblovchi tizimdagi nosozlik 7,8 mingdan ortiq reysga ta’sir ko‘rsatdi.

AQShda Delta Air Lines aviakompaniyasining avtomatlashtirilgan tizimidagi nosozlik sabab minglab reyslar kechiktirildi, yuzlab reyslar bekor qilindi. Bu haqda RBC FlightAware ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, AQShga keluvchi va mamlakatdan uchib ketuvchi 6 884 ta reys kechiktirilgan, 392 tasi esa bekor qilingan. FlightAware’ning boshqa ma’lumotida kechiktirilgan reyslar soni 7 822 taga yetgani qayd etilgan.
22-noyabr kuni Delta Air Lines samolyotlarining og‘irligi va muvozanatini hisoblash tizimida nosozlik yuzaga kelgan. Bu AQSh bo‘ylab parvozlar jadvaliga ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, Federal aviatsiya ma’muriyati Atlantadagi Hartsfield-Jackson xalqaro aeroportiga ayrim reyslarni cheklagan.
Mazkur tizim samolyotning yoqilg‘i, yo‘lovchilar va yuklarni hisobga olgan holda umumiy og‘irligini, shuningdek, og‘irlik markazini aniqlaydi. Bu ko‘rsatkichlar parvoz xavfsizligini ta’minlash uchun muhim hisoblanadi.
Tizim ishlamay qolgan vaqtda Delta xodimlari reyslarga oid og‘irlik va muvozanat parametrlarini qo‘lda hisoblashga majbur bo‘lgan. Aviakompaniya bir necha soatdan keyin nosozlikni bartaraf etgan.








