Hududlarda 81 trln so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi: 320 mingta ish o‘rni yaratiladi
O‘zbekistonda 2030-yilgacha kichik biznesning bandlikdagi ulushini 80 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichiga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar uchun xizmatlarni kengaytirish va mehnat bozorini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Taqdimotda qayd etilishicha, 2017-yildan buyon O‘zbekistonda 11 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarilgan. Shu bilan birga, mikro, kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani ta’kidlangan. Xususan, mazkur sektor iqtisodiyotda band aholining 75 foizini qamrab olgan bo‘lsa-da, yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 55 foizni tashkil etadi. Mikrokorxonalarning yirikroq biznes toifasiga o‘tish ulushi esa atigi 4 foiz bo‘lib, bu xalqaro mezonlardan qariyb to‘rt barobar past.
Shuningdek, axborot texnologiyalari, logistika, moliya va sug‘urta kabi yuqori daromadli sohalarda kichik biznesning ulushi 8 foizni tashkil etayotgani qayd etilgan.
Taqdimotda tadbirkorlarni biznesni boshlashdan tortib, uni kengaytirish va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlash taklif qilindi. Bunda kredit, kafolat, kafillik, lizing, faktoring, venchur moliyalashtirish va kapitalga investitsiya kiritish kabi moliyaviy vositalardan foydalanish kengaytiriladi.
Tadbirkorlarga biznesni boshqarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investorlarni jalb qilish va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha ham ko‘mak berish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, banklar va moliyaviy texnologiyalar kompaniyalari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, kreditga layoqatlilikni baholashning muqobil usullarini joriy etish hamda tadbirkorlarga bitta ariza orqali bir nechta bankdan kredit takliflarini olish imkoniyatini yaratish taklif etildi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun respublikadan mahallagacha bo‘lgan vertikal tizimni shakllantirish ham rejalashtirilmoqda. Hududlarda biznes-inkubatorlar va loyiha ofislari, tumanlarda esa mikro, kichik va o‘rta biznesga ko‘maklashish markazlari tashkil etilishi mumkin.
Hokim yordamchilari faoliyatini baholashda ham yangi mezonlar joriy etiladi. Endilikda ular tashkil etgan korxonalarning barqaror ishlashi, yaratilgan ish o‘rinlarining doimiyligi va tadbirkorlar tovar aylanmasining o‘sishi asosiy ko‘rsatkichlar sifatida olinadi.
Taqdimotda hududlarda umumiy qiymati 81 trillion so‘mlik 1 mingta loyihani amalga oshirish orqali 320 mingta ish o‘rni yaratish rejalari ham taqdim etildi. Shuningdek, mahallalarning ixtisoslashuvi asosida kooperatsiyani rivojlantirish, tomorqa va ijara yerlarida yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2030-yilgacha mikro, kichik va o‘rta korxonalarning yirikroq biznes toifasiga o‘tish sur’atlarini ikki barobar oshirish, ushbu sektorning aholi bandligidagi ulushini 80 foizga, o‘rta sinf ulushini esa 90 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shuningdek, tadbirkorlik kreditlarida kafolat va kafillik asosida beriladigan kreditlar ulushini 1 foizdan 12 foizga, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hamda bozordan jalb qilinadigan qarzlar ulushini 17 foizdan 35 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda bandlik xizmatlarini raqamlashtirish, kasbiy malakani baholash va xalqaro sertifikatlash tizimini rivojlantirish, rasmiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Prezident mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish, islohotlarning yangi bosqichida vazirlik va idoralarning vazifalari hamda o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini aniq belgilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.








