O‘zbekiston aholisi: o'rtacha yosh bo'yicha hududlar orasidagi tafovut ma’lum bo‘ldi
Ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olish natijalari asosida qayta hisoblangan.

2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 29,6 yoshga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olish natijalari asosida qayta hisoblangan ma’lumotlarni e’lon qildi. Avvalgi hisob-kitoblarda aholining o‘rtacha yoshi 29,5 yosh deb ko‘rsatilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkaklarning o‘rtacha yoshi 29,1 yosh, ayollarniki esa 30,2 yoshni tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha yosh Toshkent shahrida qayd etilgan — 33,6 yosh. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati (31 yosh), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (30,9 yosh) va Buxoro viloyati (30,8 yosh) turadi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida o‘rtacha yosh 30,1, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida 30 yosh, Sirdaryo viloyatida 29,6 yoshni tashkil qilgan.
Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 29,3, Namanganda 28,8, Samarqandda 28,4, Jizzaxda 27,9, Qashqadaryoda 27,8 va Surxondaryoda 27,4 yoshga teng.
Taqqoslash uchun, 2010-yilda O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 27 yosh bo‘lgan. Demak, 2026-yil boshiga kelib bu ko‘rsatkich 2,6 yoshga oshgan.








