Jahon

Noqonuniy oltin konini suv bosdi: 13 kishi halok bo'ldi

Yana 13 nafar konchi yer ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin.

Noqonuniy oltin konini suv bosdi: 13 kishi halok bo'ldi

 

Indoneziyaning G‘arbiy Yava provinsiyasidagi noqonuniy oltin konini suv bosishi oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘ldi. Qutqaruvchilar ularning jasadlarini topgan. Yer ostida qolib ketgan deb taxmin qilinayotgan yana 13 konchini qidirish ishlari davom etmoqda. Bu haqda AnewZ xabar berdi.

 

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 23-noyabr kuni kechqurun kon tunnellariga suv oqib kirgan vaqtda birinchi tunnelda 19 kishi, ikkinchisida esa yetti kishi bo‘lgan. G‘arbiy Yava politsiyasi boshlig‘i halok bo‘lgan 13 kishidan olti nafarining shaxsi aniqlanganini bildirgan.

 

Hodisa Nanggung tumanidagi Pongkor tog‘li hududida, yirik oltin va kumush konlari joylashgan manzilda yuz bergan.

 

Qutqaruv ishlari suv sathining balandligi, qorong‘ulik hamda tunnellarning tor va sirpanchiq bo‘lishi sababli qiyin kechmoqda. Qutqaruvchilar asosan ikkita shaxta atrofida ish olib bormoqda va arqonlar yordamida yer ostiga tushmoqda.

 

25-noyabr kuni qidiruv ishlariga taxminan 325 nafar qutqaruvchi jalb etilgan. Ayni paytda kon ichidagi suvni chiqarish ishlari olib borilmoqda. Biroq rasmiylar bu jarayon ancha vaqt talab qilishini bildirgan.

 

Ma’lum bo‘lishicha, politsiya yer ostida qolgan konchilar haqida suv toshqinidan 16 soat o‘tib xabar topgan. Hukumat vakilining aytishicha, kon noqonuniy faoliyat yuritgani sababli odamlar hodisa haqida xabar berishga ikkilanib qolgan.

 

Pongkor hududida avval ham noqonuniy qazib olish bilan bog‘liq halokatlar kuzatilgan. Jumladan, tunnel qulashi, ko‘chkilar va zaharli gazdan zaharlanish oqibatida konchilar halok bo‘lgan.

 

Indoneziyada minglab odamlar o‘lim yoki og‘ir jarohat olish xavfiga qaramay, noqonuniy konlarda tirikchilik qilish uchun mehnat qilmoqda.