Rossiya hujumlari Ukrainada besh kishining o‘limiga sabab bo‘ldi: besh viloyatda elektr ta’minoti uzildi
Energetika infratuzilmasiga yetkazilgan zarar sabab ayrim hududlarda vaziyat og‘irligicha qolmoqda.

Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga hujumlari oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi. Shuningdek, mamlakatning beshta viloyatida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Bu haqda mahalliy rasmiylarga tayanib, Al Jazeera xabar berdi.
Ukraina energetika vaziri o‘rinbosari Artem Nekrasovning bildirishicha, Dnipropetrovsk, Donetsk, Zaporijjya, Odessa va Xarkiv viloyatlari hujumlardan zarar ko‘rgan. Ayniqsa, Zaporijjya va Dnipropetrovsk viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uchun muhim bo‘lgan ko‘plab energetika obyektlariga shikast yetgan.
Rossiya bosib olgan hududda joylashgan Zaporijjya atom elektr stansiyasi ham o‘qqa tutilish oqibatida tashqi elektr ta’minotidan uzilgan va dizel generatorlariga o‘tgan. Nekrasovning qayd etishicha, bu stansiyaning joriy yilda tashqi elektr ta’minotidan 17-marta uzilishi hisoblanadi.
Ukraina Energetika vazirligi barcha zarar ko‘rgan hududlarda ta’mirlash va elektr ta’minotini tiklash ishlari olib borilayotganini bildirgan. Biroq takroriy hujumlar va havo trevogalari bu jarayonni murakkablashtirib, tiklash ishlarini kechiktirmoqda.
Rossiya hujumlari seshanba kuni ham Ukrainaning bir qancha hududlarida qurbonlarga sabab bo‘lgan. Xususan, Odessa viloyatida ikki kishi halok bo‘lgan, uch kishi, jumladan, bir bola yaralangan. Viloyat gubernatori Oleg Kiperning ma’lum qilishicha, hujumlar avtomobillar, xususiy turar joylar va sanoat binolariga zarar yetkazgan.
Chernigiv viloyatida Rossiya kuchlarining korxonalarga bergan zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati xabar bergan.
Donetsk viloyatida esa so‘nggi bir sutka davomida aholi punktlari yetti marta o‘qqa tutilgan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkinning aytishicha, Kramatorsk shahrida bir kishi halok bo‘lgan.
Xarkiv shahri va viloyatdagi yana oltita aholi punkti ham hujumlarga uchragan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning Interfax agentligiga ma’lum qilishicha, bir kishi halok bo‘lgan, 14 kishi yaralangan.
Rossiya qo‘shinlari tunda Ukraina poytaxti Kiyevga dronlar bilan hujum qilgan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, zarba ko‘p qavatli turar joy binosida yong‘in keltirib chiqargan, ikki kishi jarohatlangan.
Shu bilan birga, Rossiyaning Samara viloyatida Ukraina dronlari hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan va elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan. Rossiya axborot agentliklari gubernator Vyacheslav Fedorishchevga tayanib xabar berishicha, Samara davlatga qarashli Rosneft kompaniyasining yirik neftni qayta ishlash markazlaridan biri joylashgan hudud hisoblanadi.








