Rus tilida gapirganlik uchun jazo: Ukraina prezidenti ofisi rahbari jarimaga tortiladi
Kirill Budanov ommaviy tadbirda rus tilida gapirgani uchun 3400 grivna miqdorida jarimaga tortiladi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov 2-noyabr kuni ommaviy tadbirda rus tilida gapirgani uchun 3 400 grivna (68 yevro) miqdorida jarimaga tortiladi. Bu haqda Ukraina davlat tilini himoya qilish bo‘yicha vakili Olena Ivanovska «Apostrof» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 25-noyabr kuni Budanovga jarima to‘g‘risidagi qaror topshirilishi kerak. Ivanovska qonunchilikka ko‘ra, mansabdor shaxs xizmat vazifasini bajarish chog‘ida rus tilidan birinchi marta foydalansa, unga ogohlantirish berilishi mumkinligini aytdi. Biroq Budanovga nisbatan bu safar ogohlantirish bilan cheklanilmagan.
«Gap davlatning eng yuqori darajadagi mansabdor shaxsining ommaviy chiqishi haqida ketayotganida, qonunga rioya etilishi uchun javobgarlik eng yuqori darajada bo‘lishi kerak. Shu sababli biz darhol 3 400 grivna miqdorida jarima solish haqida qaror chiqardik», — dedi ombudsman.
Ivanovskaning ta’kidlashicha, Budanov harbiy holat, favqulodda vaziyat yoki egallab turgan lavozimini vaj qilib ko‘rsatmagan va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.
Voqea 2-noyabr kuni Kiyev yaqinidagi Petropavlovskaya Borshagovka qishlog‘ida yuz bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda xususiy uyda 40 ga yaqin kishi, jumladan, harbiy qismini o‘zboshimchalik bilan tark etgan harbiylar va safarbar qilingan fuqarolar ushlab turilgani haqida xabarlar tarqalgach, bir necha o‘n kishi uy oldiga yig‘ilgan.
O‘sha kuni kechqurun yig‘ilganlar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Shundan so‘ng voqea joyiga kelgan Budanov uy ichida 14 yoshli o‘smirni topgan va u bilan rus tilida gaplashgan.








