Jahon

“Byudjet faqat o‘z farzandlarimiz uchun”: Rossiyada yangi taklif

Pskov viloyatida migrant bolalarni faqat pullik asosda o‘qitish taklif qilindi.

“Byudjet faqat o‘z farzandlarimiz uchun”: Rossiyada yangi taklif

 

Rossiyaning Pskov viloyatida migrantlarning farzandlariga ta’limni faqat pullik asosda berish taklifi ilgari surildi. Ushbu tashabbus bilan viloyat Qonunchilik assambleyasi deputati, LDPR vakili Anton Minakov chiqdi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

 

Deputat migrant oilalar farzandlari uchun bepul ta’lim olish tartibini qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytgan. Uning fikricha, migrantlarning farzandlari faqat pullik asosda o‘qishi, ular uchun davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ta’lim o‘rinlari ajratilmasligi lozim.

 

“Biz ota-onalari bilan kelgan migrantlarning farzandlari faqat pullik asosda ta’lim olishlarini targ‘ib qilamiz. Migrantlarning farzandlari uchun davlat tomonidan moliyalashtiriladigan o‘rinlar bo‘lmasligi kerak. Ishonchim komilki, davlat byudjeti mablag‘lari faqat Rossiya fuqarolari va farzandlari uchun sarflanishi kerak”, — degan Minakov.

 

LDPR vakili partiya mehnat migratsiyasiga umuman qarshi emasligini, chunki Rossiyada ishchi kuchi yetishmasligi kabi muammolar mavjudligini ta’kidlagan. Biroq u noqonuniy migratsiyaga qat’iy qarshi ekanini bildirgan.

 

Minakovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada ishlash maqsadida bo‘lgan chet el fuqarolari tegishli rasmiy hujjatlarga ega bo‘lishi va soliqlarni to‘lashi shart. Bu talablarga rioya qilmagan shaxslarga nisbatan esa eng qat’iy choralar, jumladan, ularni maxsus ro‘yxatga kiritish va mamlakatdan deportatsiya qilish qo‘llanishi kerak.

 

Deputat noqonuniy migrantlarni so‘zsiz deportatsiya qilishni ham o‘z takliflari qatorida qayd etgan. Hozircha bu fikrlar deputatning tashabbusi sifatida bildirilgan.