Toshkentda noqonuniy “Call-markaz”lar faoliyatiga chek qo‘yildi: 122 nafar xorijlik qo‘lga olindi
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari davomida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Toshkent shahar IIBB xodimlari poytaxt hududida yashirin ravishda faoliyat yuritib kelgan ikkita “Call-markaz”ni fosh etishdi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu noqonuniy tuzilmalar Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari fuqarolari tomonidan tashkil etilgan.
O‘tkazilgan reyd natijasida 122 nafar chet el fuqarosi ushlanib, ulardan 18,5 ming AQSh dollari va 116,5 million so‘m naqd pul, 569 ta mobil telefon, 67 ta noutbuk, 5 ta kompyuter va 3 ta planshet, 6 ta Wi-Fi router va 3 ta sun’iy yo‘ldosh aloqa qurilmasi, xorijiy aloqa operatorlariga tegishli 1000 dan ziyod SIM-kartalar musodara qilindi.
Tergovga qadar tekshiruvlarda aniqlanishicha, gumonlanuvchilar Yevropa va Sharqiy Osiyo davlatlarida ommabop bo‘lgan onlayn platformalar orqali turli firibgarlik sxemalarini qo‘llagan. Ular xorijliklarga zararli (virusli) havolalar yuborish yo‘li bilan o‘zgalarning mablag‘larini o‘zlashtirib kelishgan. Shuningdek, ushbu guruh tomonidan jami 64 895 USDT qiymatidagi kripto-aktivlarning noqonuniy aylanmasi amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi.








