1,3 mlrd so‘mlik zarar: Namanganda noyob yirtqich qushni sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Uning hovlisida yana bir yovvoyi lochin noqonuniy saqlanayotgani aniqlangan.

Namangan shahrining Yangi Asr mahallasida o‘tkazilgan reyd davomida fuqaro K.B. noyob yirtqich qush — saker lochinini sotishga uringani uchun qo‘lga olindi. Shuningdek, uning hovlisida yana bir yovvoyi lochin noqonuniy saqlanayotgani aniqlangan.
Ekologiya xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari aniqlagan qushlar To‘raqo‘rg‘on tumanidagi ixtisoslashtirilgan pitomnikka topshirildi.
Ma’lumot uchun, lochinlar va qirg‘iylar O‘zbekiston Qizil kitobiga, shuningdek, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qaroriga muvofiq, qoidabuzarlik oqibatida yovvoyi tabiatga yetkazilgan zarar 1,3 milliard so‘mdan ortiq deb hisoblandi.
Hodisa yuzasidan to‘plangan materiallar huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.








