Vazir o‘rinbosari nomidan soxta xabarlar tarqatilmoqda: fuqarolardan hushyorlik so‘raladi
Ayni paytda Telegram messenjeri orqali Ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari Ilhom Siradjev nomidan turli shaxslarga firibgarlik mazmunidagi xabarlar yuborilayotgani qayd etilmoqda.

Xususan, noma’lum shaxslar 2026-yil noyabr oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan va “Rasmiy akkaunt emas” belgisi ostidagi “Siradjev Ilxom Toxirovich” nomli profildan foydalanmoqda. Ushbu xabarlarda ta’lim muassasalari xodimlarining hujjatlarida kamchiliklar aniqlangani hamda go‘yoki “ichki tekshiruv” olib borilayotgani iddao qilinadi. Firibgarlar suhbatdoshdan hamkasblari haqida ma’lumot olishga urinib, tez orada “tekshiruvchi” yoki boshqa “mas’ul xodim” qo‘ng‘iroq qilishini bildirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, tarqatilayotgan mazkur xabarlar Ilhom Siradjevga tegishli emas va ko‘rsatilgan profil uning shaxsiy Telegram akkaunti hisoblanmaydi.
Kiberfiribgarlik qurboniga aylanmaslik maqsadida fuqarolardan shubhali profil va xabarlarga ishonmaslik hamda ularga javob bermaslik, SMS orqali kelgan bir martalik tasdiqlash kodlarini uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik, shaxsiy ma’lumotlar, hujjat nusxalari va boshqa maxfiy axborotlarni begonalarga taqdim etmaslik kabi xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish so‘raladi.








