Yevropa Ittifoqining Ukrainaga 45 mlrd yevrolik krediti: to‘rt davlat umumiy moliyalashtirishga qarshi
Germaniya esa umumiy budjet bo‘yicha kelishuv uchun barcha davlatlarning hissasi shart bo‘lishini talab qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi 2027-yilda Ukrainaga 45 mlrd yevro miqdorida kredit ajratishni rejalashtirmoqda. Biroq to‘rt davlat — Slovakiya, Chexiya, Vengriya va Bolgariya ushbu kreditni moliyalashtirishda ittifoqqa a’zo barcha mamlakatlar ishtirok etishiga qarshi chiqmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Germaniya va yana bir qator davlatlar esa barcha a’zo mamlakatlarning kreditni moliyalashtirishdagi ishtirokini kengroq budjet kelishuvining sharti sifatida belgilashni talab qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur to‘rt davlat Yevropa Ittifoqi budjetidan eng ko‘p mablag‘ oluvchi mamlakatlar qatoriga kiradi. Kredit atrofidagi kelishmovchilik YI mamlakatlari o‘rtasidagi kengroq ziddiyatlarni ham aks ettirmoqda. Gap umumiy budjetga o‘zlari oladigan mablag‘dan ko‘proq hissa qo‘shadigan davlatlar bilan budjetdan ajratiladigan mablag‘ miqdori qo‘shayotgan hissasidan yuqori bo‘lgan mamlakatlar o‘rtasidagi tafovut haqida bormoqda.
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga ajratiladigan 45 mlrd yevroni 2027-yil oxirida yakunlanadigan amaldagi budjet doirasida taqdim etishni rejalashtirgan. Kreditni qaytarish Rossiya Kiyevga urush uchun reparatsiya to‘laganidan keyingina amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2027-yilda YI tarkibiga kirmaydigan davlatlar ham Ukrainaga 25 mlrd yevro ajratishi kutilmoqda. Ular orasida Buyuk Britaniya, Norvegiya, Yaponiya, Shveytsariya va Kanada bor.
Shu tariqa, jami 70 mlrd yevro Ukraina kelgusi yilda duch kelishi kutilayotgan moliyalashtirish taqchilligini qoplashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, YI ning 2028–2034-yillarga mo‘ljallangan budjetida Ukrainaga 100 mlrd yevrogacha yordam ajratish taklif qilinmoqda. Yevropa yetakchilari moliyalashtirish bo‘yicha qarorni 17–18-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitda kelishib olishni rejalashtirgan.








