Latviya chegarasida noma’lum dron: NATO qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarildi
Hodisa sababli chegaraga yaqin hududlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Latviya qurolli kuchlari 27-noyabr kuni tongda mamlakat havo hududiga noma’lum dron qisqa muddatga kirib kelganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, hodisaga javoban NATO qiruvchi samolyotlari va dronlarni tutib qoluvchi qurilma ishga tushirilgan. Latviya sharqidagi Ludza munitsipalitetida havo hududi buzilishi xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilingan. Ko‘p o‘tmay, ogohlantirish bekor qilingan.
Shuningdek, Ludza shimolida joylashgan Balvi munitsipalitetida ham xavf darajasi pastroq bo‘lgan ogohlantirish joriy etilgan. Keyinchalik u ham bekor qilingan.
Hodisa Rossiyaning Leningrad viloyatida dronlar hujumi qaytarilayotgan paytda yuz bergan. Viloyat gubernatori Aleksandr Drozdenkoning aytishicha, hududda 40 dan ortiq uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilgan.
Avvalroq Polsha ham Rossiyani o‘z havo hududini ataylab buzganlikda ayblagan edi. Varshava esa Rossiya razvedka droni mamlakat chegarasini qisqa muddatga kesib o‘tganini bildirgan.








