Olmaotadagi yong‘inda ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi: uyda jami besh kishi vafot etgan
Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Qozog‘istonning Olmaota shahridagi xususiy uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida besh kishi, jumladan, bir bola halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor.
Omon qolganlardan biri Anar Turganbayeva mahalliy OAVga halok bo‘lgan o‘zbekistonlik erkaklar yong‘indan bir necha kun oldin ushbu uyga ko‘chib kelganini aytgan.
Yong‘in 26-noyabr kuni shaharning Bo‘standiq tumanida yuz bergan. Favqulodda xizmatlarga hodisa haqida soat 03:44 da xabar berilgan. O‘t o‘chiruvchilar to‘rt daqiqadan so‘ng yetib kelgan, biroq bu vaqtda bino alanga ichida qolgan edi. Yong‘in soat 04:42 da bartaraf etilgan. Uni o‘chirishga 35 nafar qutqaruvchi va to‘qqizta maxsus texnika jalb qilingan.
Turganbayevaning aytishicha, u eri va bolalari bilan uyda xonani ijaraga olgan. Oila a’zolari ertalab soat to‘rtlar atrofida uyg‘onganida, umumiy yo‘lak tutunga to‘lgan bo‘lgan. Shu sababli ular derazadan qo‘shni hovliga o‘tib, qutulishga muvaffaq bo‘lgan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, uydagi ayrim yotoqxonalarda deraza bo‘lmagan. Halok bo‘lganlar orasida ikki o‘zbekistonlikdan tashqari, uning qo‘shnisi, qo‘shnisining voyaga yetgan qizi va bir qiz bola ham bor.
Yong‘indan so‘ng to‘qqiz nafar fuqaro mehmonхоnaga joylashtirilgan. Ularga yo‘qolgan hujjatlarini tiklashda yordam ko‘rsatilmoqda.
Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergovchilar yong‘in kelib chiqish sabablari va holatlarini aniqlamoqda.








