Yoz mavsumi kelgach, salqin ichimliklar, xususan muzqaymoqlarni isteʼmol qilishga bo‘lgan xohish yana-da ortadi. Ayniqsa, yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan shu kabi mahsulotlarni xarid qilish holatlari bugungi kunda ko‘p uchramoqda. Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Toshkent shahrida "Andijon muzqaymog‘i" savdosiga qarshi o‘tkazilgan reyd sababini izohladi.
Aslida muzqaymoqni qay tarzda saqlash va sotish mumkin?
Muzqaymoq sut mahsulotidan tayyorlanishi sababli tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega va uni sovuq (minus) haroratda saqlash talab etiladi. Shuningdek, muzqaymoq biroz erigach, uni qaytadan muzlatib isteʼmol qilish mumkin emas. Negaki, bu jarayonda muzqaymoq erigach, uning tarkibi o‘zgaradi va bakteriyalarni o‘ziga jalb qilib olish xususiyati ortadi.
Bugungi kunda ko‘chada ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Birinchi galda qayd etish kerakki, shu kabi muzqaymoqlar solingan idishlar muzlatgich emas, shu sababli ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli tarzda saqlab bera olmaydi.
Ikkinchidan, ushbu mahsulotlar nomaʼlum sharoitda tayyorlangan va muqim sotish savdo shoxobchasiga ega emas. Aynan ushbu mahsulot qachon, qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilganligi, uning tarkibi, saqlash muddati va sharoiti to‘g‘risida hech qanday maʼlumot mavjud emas.
Uchinchidan, muzqaymoq solingan idishlarning bugungi kunda sanitariya-gigiyena jihatdan holati mutlaqo talabga javob bermaydi. Ular solingan plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas.
To‘rtinchidan, mahsulotni bu sharoitda, ko‘cha-ko‘yda sotish uchun tegishli ruxsatnomalar, serifikat ham yo‘q. Mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus ust-bosh kiyim bilan taʼminlanmagan, shuningdek sotuvchilarning tibbiy ko‘rik daftarlari ham mavjud emas. Talabga ko‘ra maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi talab etiladi.
Beshinchidan, muzqaymoq sotuvchisining o‘zi sotayotgan mahsulot sifati va tarkibi to‘g‘risida mutlaqo xabardorligi yo‘q. Sotuvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tib turmaganligi, mahsulotni sotish jarayonida sanitariya qoidalariga mutlaqo zid ravishda faoliyat olib borayotganligi tufayli isteʼmolchi ushbu sifati kafolatlanmagan mahsulotni isteʼmol qilishi oqibatida zaharlanish ehtimoli yuqori. Undan tashqari yuqumli kasalliklarni tarqalishiga ham zamin yaratiladi.
Aynan Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan aholi salomatligi saqlash, zaharlanish holatlarini oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda. Mahsulotlardan lavoratoriya tahlil namunlari olinib, tekshirilmoqda. Tahlillar natijasida muzqaymoqlar tarkibida stafilokokk bakteriyasi aniqlandi. Qayd etish kerakki, ko‘p hollarda stafilokokk ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari, tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmol qilinganda zaharlanish (toksikoyenfeksiya) kuzatiladi.
Shu kabi muzqaymoqlarni xarid qilish jarayonida fuqarolarimiz mahsulot solingan idishning ichki sanitar holatini ko‘rmaydilar va bexabar ravishda uni isteʼmol qilishlari mumkin. Shu sababli, muzqaymoq mahsulotini xarid qilish jarayonida maxsus qadoq va yorliqlarga ega, muzlatgichlarda saqlanayotgan, barcha maʼlumotlari qadoqda ko‘rsatilgan muzqaymoqlarni sotib olishlarini so‘ragan bo‘lar edik. Negaki, sut va sut mahsulotlari issiq haroratda tez o‘zgaruvchanlik xususiyatini yana-da oshiradi va nomaʼlum sharoitda tayyorlangan, sifat ko‘rsatkichlari, sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan mahsulotlar oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi, zaharlanish holatini yuzaga keltirish ehtimoli mavjud ekanligini eslatib o‘tamiz.


