Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, aholini to‘liq emlash va buster doza bilan emlash ishlari jadallashtiriladi.
Vazirlik va idora rahbarlari, tashkiliy shaklidan qatʼiy nazar, barcha tashkilotlarda ishchilarning emlangandan so‘ng ish joylariga kiritishga ruxsat beriladi.
Mazkur tartibni buzgan tashkilot rahbarlariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qatʼiy chora ko‘riladi.
Shuningdek, Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida taʼtil davomida koronavirus infeksiyasiga qarshi to‘liq emlash choralari ko‘riladi. Ushbu tadbirlarga OTM rahbarlari shaxsan masʼul etib belgilanadi.
Bundan tashqari, himoya niqobini taqmaganlik uchun jarima 1 million 350 ming so‘m qilib belgilandi.
O‘zbekistonga “Omicron” shtammi kirib kelishi sababli karantin nazorati kuchaytiriladi, amal qilmaganlarga qonuniy chora ko‘riladi.
Maʼlumot uchun: mamlakatga kelgan xorijiy davlat fuqarosidan COVID-19 ning yangi shtammi joriy yilning 7 yanvar kuni aniqlangan.
Shu sababli barcha tashkilot, korxona va muassasalarda, yirik savdo majmualari, supermarketlar, ko‘ngilochar muassasalarning kirish qismida niqobda bo‘lish, ijtimoiy masofani saqlash, tana haroratini o‘lchash amaliyotiga qatʼiy rioya etilishi taʼminlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 15 yanvardan boshlab tadbirlar o‘tkazish bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


