O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil sentabr oyida VGIK bilan hamkorlikni rivojlantirish tashabbusini bildirgan edi. Albatta buning barchasi kelajakda kinematografiyaning yana-da rivojlanishiga turtki berishi shubhasiz.
Ali Hamroyev kinorejissyor:
Aslida mazkur oliy o‘quv yurtining Toshkentdagi filiali ochilishi g‘oyasi davlatimiz rahbariga taalluqlidir. Negaki, sanʼatning barcha yo‘nalishlarini ravnaq toptirish, malakali kadrlarni yetishtirish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy va jiddiy eʼtiborida bo‘lib kelmoqda. Bugun festivalning to'rtinchi kunida ishtirok etib turibman. Atrofimda ijodga to‘la qiziqqon yoshlarni ko‘ryapman. Mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlarda ularning ko‘zlariga boqsangiz ijod uchqunlarini ko‘rish mumkin. Bu esa katta gap. Demak biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Toshkentda VGIK filialining tashkil qilinishi — bu yosh kinoijodkorlarning taʼlim olishini yaxshilashning eng muhim yo‘lidir.
Ammo endi bu yoshlarning oldida katta masʼuliyat turibdi. Ular tomonidan yaratilgan har bir kino asar tarbiyaviy ahamiyati bilan xalq maʼnaviyatini oshirishga xizmat qilishi kerak. Avvalgi kinolarni biz hali hamon sevib tomosha qilamiz. Boisi filmlar ssenariyi buyuk yozuvchilarimiz va dramaturglar qalamiga mansub bo‘lib, insonlar tafakkuri ravnaqiga xizmat qila olgan. Hech kimga sir emas so‘ngi 25 yil ichida O‘zbek filmlari reytingi keskin tushib ketgan. Shunday filmlar ishlash kerakki xalq boshqa kanallarga olmasdan mazza qilib tomosha qilsin. Muhimi o‘ziga shu film orqali nimadir olsin. Filmlar ko‘zgu vazifasini o‘tashi kerak. Men bugun VGIK dan minnatdorman. Shu tufayli bugun kinorejissyor sifatida halqqga tanildim.


