Unga ko‘ra, yerto‘ladan foydalanish ko‘p kvartirali uy-joy mulkdorining roziligiga asosan amalga oshiriladi.
Yerto‘ladagi joylar faqat yerto‘lada shug‘ullanish mumkin bo‘lgan quyidagi faoliyat turlarini amalga oshirish uchun beriladi. Jumladan, oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan savdo qilish: do‘konlar, kioskalar, do‘konchalar va yana shunga o‘xshash boshqa faoliyat bilan shug‘illanish mumkin. Shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatish, jumladan, sartaroshxona, poybzal tikish va taʼmirlash, optika, soat sozlash ustaxonalari, tikuvchilik va kashtachilik, atele kabilar shular sirasiga kiradi.
Bundan tashqari, umumiy ovqatlanishdan iborat restoranlar, kafe, kafeteriylar, muzqaymoq va chanqovbosdi ichimliklar barlari, gazakxonalarga ham yerto‘ladan foydalanishga ruxsat beriladi.
Endilikda bank, aloqa xizmatlarini ko‘rsatish uchun ham yerto‘ladan foydalanish mumkin. Bunda bankning bo‘limlari va valyuta almashtirish punktlari nazarda tutilgan.
Pochta bo‘limi va kurerlik faoliyati, gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan savdo qilish butiklari ham yerto‘lada tashkil etilishi erkin tarzda amalga oshiriladi. Bijuteriya hamda jevaklarni tayyorlash va taʼmirlash ishlari ham ko‘p qavatli uylar yerto‘lasida tashkil etilishi mumkin.
Bundan tashqari:
● gulchambarlar, sunʼiy gullar va gul marjonlarini tayyorlash;
● rassomlik va haykaltaroshlik;
● xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlarning ofislari hamda idoralari;
● video va fotosuratga olish, kompyuter xizmatlari;
● tarjima va tahrir xizmatlari;
● dizayn, chizmachilik-grafika xizmatlari;
● kiyim-kechak va idishlarni ijaraga berish xizmati;
● riyeltorlik faoliyati;
● gazlamalarga naqshlar solish, trafaretli bosma va qo‘lda rasm chizish xizmatlari;
● jismoniy tarbiya va sport muassasalari faoliyati;
● davlat tashkilotlarini joylashtirish;
● sug‘urta tashkilotlarini joylashtirish ham shular sirasiga kiradi.
Eslatma: mazkur faoliyat turlari yong‘inga qarshi va texnik shartlarning minimal talablariga amal qilingan taqdirda tashkil etishga ruxsat beriladi.
Yerto‘ladan foydalanganlik uchun to‘lanadigan ijara to‘lovlarining eng kam miqdorlari tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
Ijara to‘lovlari ushbu ko‘p kvartirali uyning umumiy mol-mulkini saqlash xarajatlariga yo‘naltiriladi.
Eslatma: yerto‘ladan foydalanuvchi tomonidan uni boshqa shaxslarga sotish, hadya etish, garovga qo‘yish va ijaraga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan avval ayrim xodimlarga uy-joy ijarasi uchun har oylik pul kompensatsiyasidan daromad solig‘i undirilmasligi hamda yerto‘lada qimorxona ochgan 21 yoshli shaxs ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


