“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi birinchi yarim yillikda litsenziyasiz faoliyat yuritgan 65 nafar sanʼatkorga chora ko‘rgani haqida xabar berdi.
Qayd qilinishicha, hozir IJtimoiy tarmoqlar orqali maʼlum bir auditoriya taniydigan yoki bo‘lmasa litsenziyaga ega bo‘lmagan ijodkorlar ko‘rsatuv va eshittirishlarga mehmon sifatida chaqirilmoqda. vaholanki, har qanday sanʼatkor o‘z ijodini taqdim qilishda, ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni aholiga yetkazish uchun litsenziya talab etiladi. To‘y marosimlari, oilaviy bazmlar, barlar va restoranlardagi yig‘inlarda ham litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatish holatlari ko‘paymoqda.
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi ommaviy axborot vositalari hamda xalq xizmatiga taklif etilayotgan boshlovchilar, sanʼatkorlarning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini aniqlashga, litsenziyasiz ijodkorlarning xizmatidan foydalanmaslikka chaqirmoqda.
Taʼkidlanishicha, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berishda Madaniyat vazirligi huzuridagi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi vakolatli organ hisoblanadi.


