1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Lifestyle

Mashhurlik "qimmat"ga tushgan sanʼatkorlar

To‘yni deb ustozi tomonidan quvilgan artist, "morg"da ishlagan so‘z ustasi, elga tanitgan qo‘shig‘i ortidan mojarolar iskanjasida qolgan xonandalarning hayotiy qiyinchiliklari.

Mashhurlik "qimmat"ga tushgan sanʼatkorlar

 

Yulduz Turdiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

— Sanʼatni nonini yeyish oson emas. To‘ylarda jonli ijro etib, o‘zimga katta zarar yetkazganman. Kunlarning birida to‘ydan qaytgach, quloq va jag‘ sohalarim kechasi bilan tiqirlab ovoz chiqara boshladi. Shifokorga borsam to‘ylarda navbatchi bo‘lib, besh soatlab jonli ijro etaverganimdan jag‘ soham joyidan siljib, pastga tushib qolgan ekan. Ancha vaqt qo‘shiq kuylolmaganman.

To‘yni deb hatto bir martda o‘qishdan haydalishimga ham oz qolgan. 4 kursda o‘qib yurgan vaqtimda "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik ko‘rish uchun Samarqandga kelganmiz. Samarqandda bir xonadon egasi meni to‘yga taklif qildi. Ertalabki soat 7:00 da esa maydonda bo‘lishim kerak edi. To‘yda pul ishlayman, deb sahnaga 10 daqiqaga kechikib keldim. Rejissyorimiz xalq xizmatiga borgan sanʼatkorni yomon ko‘rardi. Meni sahnadan quvib soldi. O‘qishdan ham haydalishimni aytdi. Mehmonxonaga kelib, rosa yig‘ladim. Bir hafta xonadan chiqmadim. "Sharq taronalari"ga 10 kun qolganda yana rejissyor oldiga yig‘lab bordim. Shundan so‘ng u inson meni kechirdi. Ovozim yaxshiligi, bunday ovozni to‘ylarda sarflaganim uchun qattiq jahllari chiqqanini aytdilar. Shundan keyin har bir davlat tadbiriga masʼuliyat bilan yondashadigan bo‘ldim.

 

Shukrullo Isroilov, so‘z ustasi:

— 2 yoshimda otamdan ayrilganman. Oilada yolg‘iz boquvchi o‘zim bo‘lgani uchun ham barcha masʼuliyat meni bo‘ynimda edi. Bolaligim katta odamlardek o‘tgan. 11 yoshimda uch oylik taʼtilda limonad zavodiga ishga kirganman. Baquvvat bo‘lganim uchun ertalabdan kechgacha limonad yashigi va qoplarini tashirdim. Oyligimga ukam va o‘zim uchun maktab formasi olardik. Bir muddat zavodda bog‘bon, pochtada xat tashuvchi va hatto morkda o‘lik ham tashiganman. Keyinchalik onam yordami bilan shifoxonaga sanitar bo‘lib ishga kirdim. O‘shanda bir qiziq voqea bo‘lgan. Shifoxonaga ko‘richak bo‘lib qolgan odamni og‘ir ahvolda olib kelishgan. Lift ishlamay qolgan. Men bemorni 4 qavatga qo‘limda ko‘tarib, olib chiqqanman. Bemor rosa duo qilgan.

16 yoshimdan boshlab qo‘shnilarni to‘yida qo‘limga mikrafon olib, Mirzabek Holmedov latifalarini aytadigan bo‘ldim. Ozgina pul ham ishladim. Keyinroq bir sanʼatkor guruhida yurdim. U meni rosa ishlatib, qo‘limga arzimagan pul berar edi. Pulni tejash uchun avtobusga yo‘lkirani ham to‘lamasdim. Pattachi oldimga kelib, pul so‘rasa, o‘zimdan kar, soqov odam yasab olardim. Buni noto‘g‘ri ishligini bilardim, ammo majbur edim.

Taqdir degani shunday narsaki, u bizga nimalarni tayyorlab turganini xayolimizga ham keltirolmaymiz. 1999 yil avtomashina boshqarib ketayotganimda qarshimdan chiqqan mast odamni urib yuborganman. U shifoxonaga yetib bormay, yo‘lda vafot etgan. Ammo men u odamning ayoli va bolalarini tashlab qo‘ymaganman. Toshkentdan uy olib berib, ancha vaqt ularni pul va oziq-ovqat bilan taʼminlaganman.

 

Malika Ravshanova, xonanda:

— Shunday vaqtlar bo‘ldiki, men do‘st deb yurgan insonlarim meni sotishdi. Buning uchun men yaxshigina to‘lov to‘ladim. “Bu mening onam” qo‘shig‘idan so‘ng katta mojarolar yuzaga keldi. Bu qizni sindiraman, yo‘q qilaman, deganlar ham topildi. O‘shanda tushkunlikka tushdim. Lekin qisqa vaqtda o‘zimni qo‘lga oldim. Ijodimni davom ettirdim. Birgina mana shu qo‘shig‘im uchun millionlab onalar duo qilgani uchun ham gulladim.

Otam 27 yoshda olamdan o‘tgan. Shuning uchun ikkinchi qo‘shig‘imni otamga bag‘ishladim. U ham menga yaxshigina shuhrat olib keldi.

Yoshligim juda qiyinchilikda o‘tgan. Onam gilam to‘qib, kashta tikardi. Onamni ortiqcha qiynamaslik uchun ham pul so‘ramasdim. Talabalik vaqtimda onamga yordam bo‘lsin, deb to‘yga chiqadigan bo‘ldim. Ammo doim ham to‘yda mehnatimga yarasha haq to‘lanmasdi. Guruh rahbari bizni ishlatib-ishlatib, qo‘limizga arzimagan pul berardi. Hatto bir martda qo‘limga 500 so‘m berib, aldab, to‘ydan ketkazib yuborgan vaqti ham bo‘lgan. Rosa xafa bo‘lib, yig‘laganman. Lekin ilojsizlikdan kam pulga ham to‘yga chiqardim.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика