1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Salomatlik

Og‘riq, ko‘ngil aynishi, insult xavfi: Kasallik “signallari”ni kutishga vaqtimiz yo‘q

Nega doimiy ehtiyojimiz  bo‘ladigan organimiz ahvolidan “xabar” olmayapmiz?

Og‘riq, ko‘ngil aynishi, insult xavfi: Kasallik “signallari”ni kutishga vaqtimiz yo‘q

Kundalik  ovqat ratsionimizdan tez tayyorlanishi sababdanmi yoki mazasi yoqimliligidanmi, yaxshigina o‘rin olgan tez tayyor bo‘luvchi mahsulotlar salomatligimizga qay darajada ijobiy yoki salbiy taʼsir qilishi haqida ko‘p o‘qiganmiz, eshitganmiz. Shunday bo‘lishiga qaramay fast fudlarni yoqtirmaydigan odamlar oramizda juda ham kam uchraydi. Ayniqsa, yosh yangi avlod vakillari. O‘smirlik davrida husnbuzarlardan aziyat chekgan yoshlar kam emas, nazarimizda. Biroq, aynan shu tez tayyor bo‘luvchi mahsulotlar husnbuzarlarni ko‘paytiruvchi ekanligini bilisharmikin?

Kuni kecha oshqozonim bezovta qilib oilaviy poliklinikaga  chiqdim. Gastroenterolog  xonasi yonida odam ko‘p. Shifokor bemorlar ancha paytlardan buyon oshqozon-ichak muammolaridan shikoyat qilishayotganini aytdi. Xo‘sh, buning sabablari nima? Nega doimiy ehtiyojimiz  bo‘ladigan organimiz ahvolidan “xabar” olmayapmiz? Axir, og‘riq signallarini  kutishga vaqtimiz yo‘q. Salomatligimiz buzilib,  falon pulga dori sotib olib davolangandan ko‘ra, kasallikning oldini olgan muhim emasmi? Salomatligimiz borasidagi shu kabi bir qator savollar bilan “Aholining sog‘lom  turmush  tarzini  qo‘llab-quvvatlash  va  jismoniy  faolligini  oshirish markazi” uslubchi  shifokori Sayyora Mullayevaga murojaat qildik.

 

Nima sababdan insonlar salomatliklariga foydali mahsulotlarni emas aksincha, zararlilarini isteʼmol qilishni ko‘proq  yoqtirishadi?

Chunki bunday mahsulotlarda sunʼiy taʼm kuchaytirgichlar bo‘lib, ular so‘lak bezlarini tez ishlab chiqaradi va ishtahani ochadi. Sunʼiy taʼmga kishilar tez o‘rganishi natijasida zararli mahsulotlarga tobe bo‘lib qoladilar. Hozirgi kunda bunday mahsulotlar tez ko‘payib bormoqda. Sababi, ishlab chiqaruvchilar, tayyorlovchilar tomonidan kam xarajat sarflab, ko‘p daromad manbai bo‘layotganligida.  O‘zgacha taʼm bersada salomatligimiz uchun zararli bo‘lgan mahsulotlardan odamlar ongli ravishda  o‘zlarini tiyishlari zarur. Chunki ularni muntazam isteʼmol qilish natijasida  asta-sekinlik bilan oshqozon- ichak kasalliklari  va boshqa bir qator surunkali kasalliklar paydo bo‘lishi mumkin.  Bunday  holatlarda kishilarning sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish borasidagi bilimlari katta o‘rin tutadi. Aslida sog‘lom turmush tarzida yashash uchun albatta to‘g‘ri ovqatlanish tartibidan xabardor bo‘lish kerak. Salomatlikka zarar keltiruvchi mahsulotlarni isteʼmol qilishga odatlanmaslik lozim.  Bunda avvalo “Qanday mahsulotlar salomatlikka zarar keltiradi?”-degan savolga javob olishimiz kerak bo‘ladi.

Shuni taʼkidlash kerakki, tarkibida tuz, yog‘, shakar miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlar, yeguliklar inson salomatligi uchun xavf tug‘diradi. Masalan, pishiriqlar, tort, pirojenoye, fast-fud, qovurilgan tovuq go‘shti, qovurilgan kartoshka,muzlatilgan xamir mahsulotlari, margarin, trans  yog‘lar bor bo‘lgan, tuz miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlar, sho‘r bodring, tuzlamalar, yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlar yog‘li go‘sht, dumba, charvi va boshqalar. Sog‘ligini asrashni istagan insonlar yuqorida sanab o‘tgan mahsulotlarni ko‘p tanovul qilmaydilar. Tarkibida trans yog‘lar, margarin bo‘lgan qayta ishlangan mahsulotlardan foydalanmasliglari ham zarur hisoblanadi.

Trans yog‘lar shu qadar xavfli deb topildiki, baʼzi mamlakatlarda ularni oziq maxsulotlariga qo‘shishni qatʼiyan man etishgan. Ular shuningdek, boshqa mamlakat aholisiga ham o‘z ratsionini qayta ko‘rib chiqish kerakligini tavsiya etadilar. Ularning o‘rniga parhezbop parranda go‘shtlaridan, yog‘siz baliq  mahsulotlaridan taomlar,  qaynatmalar tayyorlab   yoki bug‘da pishirib isteʼmol qilish ancha foydali. Trans yog‘larning salomatlikka salbiy taʼsiri ayniqsa, tanada xolesterin ko‘payishiga olib kelishida. Xolesterin qon tomirlari devorlarida to‘planib, ularni toraytiradi va shu tarzda xolesterin qatlami hosil bo‘ladi. Qon tomirlarida qon aylanishiga xalaqit beradi va hatto qon oqimini to‘sib qo‘yishi mumkin. Bu esa atresklerativ jarayonlar infark, insult xavfini oshiradi va asoratlarini yuzaga keltiradi.

Demak, salomatligimiz uchun  hayvon yog‘lari o‘rniga o‘simlik yog‘larini ishlatish lozim chunki, o‘simlik yog‘lari tarkibida xolesterin saqlanmaydi. Shuning uchun yengil hazm bo‘ladi.

 

Baʼzi kishilar  to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya qila olmaydilar. Ular  uchun  alohida ovqatlanish tartibi (ratsioni) tashkil qilish mumkinmi?

Darhaqiqat, to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qila olmayotganlarning yil davomida  organizmi  vitamin va minerallarga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Shu sababli kundalik ovqatlanish ratsionida yangi uzilgan meva va sabzavotlar, ko‘katlar, sitrus mevalar, rezavor mevalar, dukkaklilar, sut mahsulotlaridan suzma, qatiq, tvorogning bo‘lishi turli sohadagi insonlarning organizmini vitaminlarga, oziq  moddalariga, kalsiy va boshqa minerallarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.  Sohadagi faoliyati tufayli to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qila olmayotganlar  tamaddi vaqtlarini tashkil qilishlari o‘rinli hisoblanadi.  5-10 daqiqalik tamaddi vaqtida qatiq, olma, pechenye va albatta suv isteʼmol qilish maqsadga muvofiq.

Shuni alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, imkon qadar ovqatlanish tartibini buzmaslik kerak. Agarda nonushta yoki tushlik vaqti o‘tkazib yuborilsa, keyin qorin ochganda parhezbop taomlar tavsiya qilinadi. Aks holda o‘ta och qoringa achchiq, sho‘r, qattiq qovurilgan mahsulotlar og‘irlik qilib, jig‘ildon qaynashi, ko‘ngil aynishi, hazm bo‘lishning qiyinlashishiga olib keladi. Natijada gastrit, oshqozon yarasi kasalliklariga olib keladi.  

 

Farzandlarimizga fast fudlar berishimiz mumkinmi?

Fast-fudlar salomatligimiz uchun zararli mahsulotlar sirasiga kiradi. Ular tarkibida qayta ishlangan ziravorlar borligi tufayli biroz tanani qizdiradi, vaqtincha bo‘lsada energiya beradi va to‘qlik hissini uyg‘otadi. Aslida to‘qima va aʼzolarga zarur bo‘lgan oziq moddalardan ko‘ra fast-fudlarda kimyoviy moddalar ko‘p.  Kuzatgan bo‘lsangiz, ularni isteʼmol qilgandan so‘ng albatta chanqash kuzatiladi. fast-fudlar isteʼmoliga berilish kartoshka frilar, chipslar, popkornlar tarkibida xolesterin miqdori yuqori bo‘lganligi sababli, inson organizmiga salbiy taʼsir qiladi va eng avvalo semirishni keltirib chiqaradi. Bolalar ayniqsa, bu kabi mahsulotlarni emas tabiiy, foydali bo‘lgan meva va sabzavotlarni tanovul qilishlari maqsadga muvofiq. Onalar uyda bolalariga erinmasdan foydali bo‘lgan bo‘tqalar, pyurelar va sharbatlar tayyorlab turishlari kerak.

 

         Hozirgi kunda ko‘pchilik insonlar semizlikdan shikoyat qilishadi, sog‘lom turmush tarzi ratsioni bilan ham ozish mumkinmi?

Albatta, noto‘g‘ri ovqatlanish bugungi kunda semizlikning  asosiy sababi hisoblanadi. Biroq ayrim holatlarda bu nasliy  bo‘lishi ham mumkin. Organizmning qaysi bir aʼzosi og‘rishi bu albatta sog‘lom turmush tarziga rioya qilmasligi yoki to‘g‘ri ovqatlanmaslikdan kelib chiqadi. Insonlar o‘zlariga eʼtibor qilishi natijasida bularni bartaraf etishi mumkin.  Olimlar bir necha tajribalar o‘tkazgandan keyin shunday xulosaga kelishdiki, ovqat tanovulidan yarim soat oldin ichilgan 500ml suv inson ochligini qondirib, ishtahani jilovlab, kamroq taomlanishga yordam berar ekan. Bu  ovqat hazmi va tanadagi yog‘ miqdorini kamaytirishga, ortiqcha vazndan qutulishga  xizmat qiladi.

Oyjamol Rahmonova suhbatlashdi

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика