Germaniyada jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurish taqiqlandi. Vaksina olmagan va “manfiy” test natijasi bo‘lmaganlar restoran va barlar, teatr hamda tomoshagohlar hamda fitnes klublariga kiritilmaydi.
Fransiyada esa buster-doza bilan emlanish uchun aholiga 7 oy muddat berildi. Chunki hozir bu yerda kunlik kasallanish holatlari cho‘qqiga chiqqan. 15 yanvarda mamlakatda 324 ming kishida SOVID-19 infeksiyasi aniqlangan.
Daniyada ham mutaxassislar emlanishga katta umid bog‘lashyapti. Shu sababli u Yevropada to‘rt dozali vaksinani qo‘llagan birinchi davlat bo‘ldi.
Gretsiyada esa 60 yoshdan oshgan emlanmagan fuqarolar jarimaga tortila boshladi. To‘lov miqdori 50 yevroga teng va kelgusi oydan u ikki barobar oshiriladi.
Hindiston pandemiya davrida koronavirusni yuqtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda. Bu yerda jami kasallanganlar soni 37 million nafardan oshgan. Ulardan 486 ming nafari SOVID-19 asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumgan.
Hozir ham mamlakatda epidemiologik vaziyat murakkab. Mahalliy shifokorlar aholidan hech bo‘lmaganda bu yil Gang daryosida ommaviy cho‘milish marosimida ishtirok etmaslikni so‘ragan. Biroq bu ogohlantirishlarga qaramay, kecha 350 ming kishi yoppasiga suvga tushdi.
Rossiya esa epidemiologik vaziyat oldingi pandemiya to‘lqinidan ham xavotirli tus olishidan tashvishda. Kecha mamlakatda qariyb 29 ming kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Mutaxassislar 1 fevralga qadar kasallanish ko‘rsatkichlari 65 mingga yetishi mumkin, deb prognoz qilishmoqda.
Xitoyda kelgusi oyda 4 yillikning muhim tadbiri — qishki Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilishi kerak. Lekin karantin choralari qanchalik kuchaytirilmasin, mamlakatda musobaqaga 18 kun qolganida ilk Omicron holati ro‘yxatga olindi.
Yaponiyada esa koronavirusning ushbu mutatsiyasini yuqtirgan bemorlar orasida birinchi o‘lim holati qayd etildi.
Amerikalik olimlar ana shunday murakkab vaziyatda, yaʼni yangi shtammining tez surʼatlarda tarqalishi oqibatida koronavirusning yangi mutatsiyalari paydo bo‘lishi mumkin, degan xulosani aytishdi. Shu sababli ular emlanish, ayniqsa qo‘shimcha dozada vaksina olish eng samarali va to‘g‘ri chora ekanligini taʼkidlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Omicron shtammi tufayli endilikda bir qator davlat fuqarolari Qozog‘istonga kira olmasligi hamda Isroil yangi shtamm tufayli chegaralarni vaqtinchalik yopgani haqida xabar qilingandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


