Shveysariyaning federal jinoyat sudi Gulnora Karimova benefisiari bo‘lgan "Takilant" kompaniyasining muzlatilgan 350 million dollar ko‘proq mablag‘ning 293 million dollarini musodara qildi. Bu haqda "Swissinfo" axborot agentligi advokat Gregori Manjaga tayanib xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, sud ishda qatnashgan bir necha kishi, shu jumladan Gulnora Karimova va uning yordamchisi pul "yuvishda" aybdor topilgani uchun ushbu mablag‘larning katta qismini musodara qilgan.
Biroq taxminan 70 million dollar esa jinoyat natijasiga qo‘lga kiritilgani aniqlanmagani uchun kompaniyaga qaytariladi. Bu haqda 2021-yilning 22-dekabr kuni Federal jinoyat sudi e’lon qilgan bayonotda qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Guardian” nashri Gulnora Karimovaga berilgan 220 million dollar haqida maqola chop etgani haqqida xabar berilgandi.


