Kecha, 3 fevral kuni Mark Sukerberg Meta aksiyalari pasayishi tufayli dunyoning eng boy 10 nafar kishisi ro‘yxatidan tushib qoldi. Bu haqda Forbes xabar berdi.
Meta (sobiq Facebook) asoschisining boyligi 27,1 milliard AQSH dollariga (23,67 foizga) kamaygan va hozirda 87,4 milliard dollarni tashkil qilmoqda.
Hisobot eʼlon qilinayotganida Meta aksiyalarining pasayishi tufayli Sukerberg o‘z kapitalining bir qismini yo‘qotgan. Joriy yilning 2-fevralidagi kengaytirilgan savdolar chog‘ida kompaniya qog‘ozlari 23 foizga qisqargan.
Meta to‘rtinchi chorakda Facebook‘ning faol foydalanuvchilari soni nafaqat o‘smagani, balki avvalgi uch oyga nisbatan kamaygani haqida bergan xabari investorlarning hafsalasini pir qilgan.
Bundan tashqari, kompaniyaning chorak yillik daromadi kutilganidan ancha past bo‘lgani maʼlum qilingan. Meta‘dan keyin Pinterest (deyarli 10 foiz), Snap (18 foizdan ortiq) va Twitter (taxminan 8 foiz) aksiyalari ham pasayishni boshlagan. Shuningdek, 3 fevral kuni AQSHdagi savdolar davomida Meta aksiyalari pasayishda davom etdi va 25,46 foizga qisqarib, 240,78 dollardan sotildi.
Bloomberg maʼlumotlariga ko‘ra, kapitalning bu qisqarishi tarixdagi bir kun ichida boylikning eng katta pasayishi bo‘lgan.
Bunga qadar, yanvar oyida dunyoning eng badavlat odami Ilon Mask Tesla aksiyalari tushib ketishi tufayli 24,5 milliard dollar yo‘qotgan edi.
Qayd etish mumkin, 2021 yilning noyabr oyida esa u Twitter foydalanuvchilaridan kompaniya aksiyalarini sotish haqida so‘rov o‘tkazgach, 50 milliard dollardan ko‘proq yo‘qotgan. Biroq, o‘shanda ham uning boyligi bir necha kun ichida pasaygandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda Meta‘ga 100 milliard dollarlik daʼvo qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova tayyorladi.


