Tolibon hokimiyat tepasiga kelgach, afg‘on ayollari uchun qorong‘i kunlar boshlandi deyish mumkin. Maktablar, universitetlar va aksariyat ish joylari ular uchun yopiq, ayollarga bog‘larda yurish va sport zallariga borish taqiqlangan, 70 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishga faqat erkak qarindoshi hamrohligida ruxsat beriladi.
Ayniqsa, afg‘on sportchi ayollari og‘ir vaziyatda qolmoqda. Eronlik suratkash Ibrohim Noruziy ularning ayrimlari bilan uchrashib, hozir qanday yashayotganlari bilan qiziqdi. U suratga olishi uchun qizlar yuzlarini yopishgan. Bu ularga anonim bo‘lib qolish uchun ham kerak.
Kobullik Sima Rezay 18 yoshidan beri boks bilan shug‘ullanadi, lekin u buni har doim ota-onasidan yashirgan. Qizning aytishicha, uning oilasi juda konservativ, ular qizni tushunmaydi.

“Men ko‘p yillar davomida nima qilayotganimni yashirishga majbur bo‘ldim”, — deydi u.
Shunga qaramay, Sima boks bo‘yicha milliy terma jamoa aʼzosi bo‘lishga erishgan. Qiz yangi qoidalarga eʼtibor bermay, mashq qilishni davom ettirgan.
Bir necha kundan keyin u rasmiylardan yozma ogohlantirish olgan. Maktubda u oddiy tanlov oldida turganiga ishora qilingan: yo mamlakatni tark etishi, aks holda u o‘ldirilishi yozilgan. Sima Rizoi ketishga qaror qildi va Qatarga ko‘chib o‘tdi.
Tolibon taqiqlarni sportchi ayollar qoidalarga bo‘ysunishni istamagani, erkaklar bilan mashg‘ulotlarda davom etgani bilan izohlagan. Afg‘oniston Milliy olimpiya qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, mamlakat rasmiylari kelajakda ayollarga yana sport bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishini istisno etmayapti. Ammo buning uchun Afg‘onistonda alohida sport inshootlari ochilishi kerak, unda faqat ayollar shug‘ullanadi va musobaqalashadi. Bu qachon amalga oshirilishi hozircha nomaʼlum.
Bu orada sport bilan shug‘ullanuvchi ayollar qo‘rquvda yashashga majbur. Ulardan baʼzilari Tolibon kelganidan keyin o‘zlarining sovrinlari, formalari va sport anjomlaridan xalos bo‘lganliklarini tan olishadi. Chunki oldingi yutuqlar ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
20 yoshli aralash yakkakurash ustasi Tolibon Kobulni egallab olgan kun haqida gapirib berdi: Kobul sport markazida u ishtirok etgan musobaqalar bo‘lib o‘tadi va to‘satdan tomoshabinlar orasida Tolibon jangarilari shahar chekkasiga bostirib kirishdi, degan mish-mish tarqaladi. Shundan so‘ng tadbir to‘xtatiladi, ishtirokchilar va tomoshabinlar uylariga tarqalishadi.
Bu uning so‘nggi musobaqasi edi, lekin qiz jang sanʼati bilan shug‘ullanishni to‘xtatmadi. Oxir-oqibat Tolibon bundan xabar topdi. Askarlar mashg‘ulot vaqtida sport zaliga kelib, hammani hibsga oldi.
Oqsoqollar aralashuvidan so‘ng, agar ular sportdan butunlay voz kechishga vaʼda berishsa, ozodlikka chiqishga kelishib oldilar. Endi qiz faqat uyda mashq qiladi va jang sanʼatini faqat ishonchli do‘stlari va tanishlariga o‘rgatadi.
“Men uchun hayot juda og‘irlashdi, lekin men kurashchiman, yashashda va kurashishda davom etaman”, — deydi u.
Tolibon hokimiyat tepasiga kelgach, sportchi qizlarning aksariyati Afg‘onistondan qochib ketishgan. Ammo hamma ham bunga muvaffaq bo‘lmagan.
Afg‘oniston viloyatlaridan birining jamoasi aʼzosi bo‘lgan velosipedchi qiz ham ulardan biri hisoblanadi.

“Men hamma narsani yo‘qotdim. Tolibon xalqaro musobaqalarda qatnashish orzumni puchga chiqardi. Hokimiyat o‘zgarishidan oldin ham ko‘pchilik qizlarning velosipedda yurishi mumkinligini qabul qila olmasdi. Men bir necha yillardan beri qarindoshlarimdan ruxsat so‘radim, endi esa velosiped minishim uchun mamlakatdan chiqib ketishning har qanday yo‘llarini izlayapman”, — deydi u.


