“Har kunim hadik bilan boshlanadi” — tadbirkorni nima qiynayapti?
Biror kasb-hunarni puxta egallab, o‘sha sohada mehnat qilayotgan har bir inson nafaqat, o‘zi, oilasi, balki atrofidagi bir nechta kishiga ko‘maklashadi.


Bitta tadbirkor esa o‘nlab, yuzlab odamlarning oilasini daromad bilan taʼminlab, farovon turmush kechirishiga hissa qo‘shishi mumkin.
Ammo tadbirkor faoliyati mobaynida turli to‘siqlar, muammolar, chigal vaziyatlar, tushunmovchiliklar girdobida qolishi ham mumkin. Kredit mablag‘larining sababsiz kechiktirilishi, subyektga ajratiladigan joy, bino masalasi, mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ishchi kuchi, eksport muammolari va hokazolarda tegishli tashkilot vakillari yordam qo‘lini cho‘zmasa tadbirkorning qiziqishlari so‘nishi hech gap emas. Murojaatlariga rad javoblar qaytarilishi, eshikma-eshik najot izlab umidsizlanishlarining nihoyasi bormi? 35 yildan beri foydasining asosiy qismini ijraga to‘layotgan tadbirkorning orzusi qachon ushaladi?

Yaqinda 6 ming so‘mlik arzon osh bilan el olqishini olayotgan yaypanlik tadbirkor haqida maqola eʼlon qilgan edik. Ushbu maqoladan so‘ng tadbirkor yer masalasida muammoga duch kelayotganini aytib, tahririyatimizga murojat qildi:
— 22 yil tuman markazidagi “Paxta punkti”da ijarada faoliyat yuritdik, — deydi Qurvonali aka. — Bu yer sotilib ketgach, noiloj opamning xonadonida yana ijarada ishimizni davom ettirdik. Mijozlar ko‘paydi, ularni hovliga sig‘dirolmay qoldik. Keyin hozirgi joyimiz — avtovokzalda oyiga 2 ,5 million so‘m ijara puli to‘lab ishlayapmiz. Hozirgi joyimiz yomon emas. Ammo mijozlar ko‘paygach, mendan ko‘ra ko‘proq ijara puli to‘lab, o‘z faoliyatini yuritmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlar ham ko‘payyapti. Har kuni ertalab “ bugun nima bo‘ladi, ijara joyimizni boshqa odam tortib olmasmikan” degan hadik bilan ish boshlayman. Tadbirkorning joyi tayin bo‘lmasa, unda halovat ham bo‘lmas ekan. Tuman va viloyat hokimligiga yer so‘rab murojaat qildim, ammo menga kim ochdi savdosida ishtirok etish taklifini bildirishdi. Auksionda qatnashdim. Ammo mablag‘im yetmadi. Yaypanda avval choyxonalar ko‘p edi. Hozir esa birorta ham choyxona topa olmaysiz. Yoshi katta otaxonlar uchun choyxona juda zarur. Mening maqsadim — choyxona uchun yer ajratilsa, o‘sha yerda arzon va sifatli taomlar tayyorlab, ko‘pchilikning duosini olsam, deyman. Tadbirkorlik faoliyatimni yana-da rivojlanishi va kengayishida menga yer juda zarur. Ushbu rejalarim amalga oshsa yana yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Chet elga ketmoqchi bo‘lgan va ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlab, ro‘zg‘origa baraka olib kirsam, deyman.

O‘zini o‘zi band qilgan, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratgan, xalqqa nafi tegayotgan tadbirkorning faoliyatida hech qanday muammo, to‘siq bo‘lmasligi kerak! Bu Prezidentimiz tomonidan ham ko‘p bora aytilmoqda. Biroq uzoq yillardan beri faoliyat yuritayotgan tadbirkorning yeri bo‘lmasa, uni hech kim qo‘llab-quvvatlamasa, mutassaddi rahbarlar uni tinglamasa tadbirkor boshini qay devorga ursin? Kimdan yordam olsin?
Bugungi kun tadbirkorida hech qanday yer ajratilishiga muammo bo‘lmasligi borasida takror-takror gapirni yer muammosiAslida, tadbirkor ko‘p narsa so‘ramaydi. Unga qonun doirasida bor-yo‘g‘i bitta RUXSATNOMA bo‘lsa bas. Uni yillar davomida qiynab kelayotgan muammosi bartaraf etiladi. Faoliyati kengayib, yurt taraqqiyoti uchun o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. Bunga masʼullar eʼtibor qaratishi, tadbirkorning rejalarini inobatga olsa, kifoya.
Bahriniso MADUMAROVA







