Yangi o‘quv yili anʼanaviy (oflayn) tarzda boshlanadimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda yangi o‘quv yili anʼanaviy (oflayn) tarzda boshlanishi haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bayonot berdi.


Unda aytilishicha, ayni kunlarda vazirlik tomonidan OTMlarning pandemiya sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda taʼlim jarayonini anʼanaviy (oflayn) tarzda tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik holati o‘rganilmoqda.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, tegishli maʼlumotlar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. OTMlarda taʼlim jarayonini tashkil etish yuzasidan yakuniy xulosa tasdiqlangandan so‘ng, vazirlik sayti va ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali rasmiy tarzda eʼlon qilinadi.
Shu o‘rinda, vazirlik talabalarni pandemiya sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini, ularning ota-onalari ham farzandlari sog‘lig‘iga masʼuliyat bilan qarashlari va, albatta, vaksinatsiya jarayonida faol ishtirok etishlarini so‘rab qoladi.
«Emlash talabalarning o‘zlari hamda professor-o‘qituvchilarning ham sog‘-salomat bo‘lishini taʼminlaydi», — deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi o‘quv yilida maktablardagi dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishi hamda onlayn taʼlimning kamchilik va afzalliklar haqida xabar berilgandi.







