Jamiyat

Kreditning maqsadsiz ishlatilishi ehtimoli katta bo‘lgani uchun fuqaroga kredit ajratilmadi

Telegram kanallaridan birida Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi Mehriniso Sayfiyevaning videomurojaati eʼlon qilindi.

Kreditning maqsadsiz ishlatilishi ehtimoli katta bo‘lgani uchun fuqaroga kredit ajratilmadi

 

 

Unda fuqaro Xalq bankining Dehqonobod filialidan chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun imtiyozli kredit olmoqchiligini, ammo uch oydan buyon mablag‘ ajratilmayotganini bayon qilgan.

 

Ushbu videomurojaat bo‘yicha o‘rganish olib borilganda quyidagilar aniqlandi.

 

Haqiqatdan ham M.Sayfiyeva Xalq bankining Dehqonobod filialiga chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun imtiyozli kredit olish maqsadida murojaat qilgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay kredit olish niyatidan qaytganligini bildirgan. Qizig‘i, ikki oy muddat o‘tgach, yana bankka kelib, kredit olmoqchiligini aytgan.

 

Bank xodimlari fuqaroning chorva boqish sharoiti va taʼminotchi yetkazib bergan chorvani monitoring qilish uchun borganida, M.Sayfiyevaning yashash joyida qo‘y boqish uchun imkoniyat yo‘qligi aniqlangan. Shuningdek, taʼminotchidan olingan qo‘ylar monitoringlarda boshqa-boshqa ekanligi maʼlum bo‘ldi.

 

Ana shu omillarni inobatga olgan holda hamda kreditning maqsadsiz ishlatilishi ehtimoli katta bo‘lganligi sababli M.Sayfiyevaga kredit ajratilmagan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq soxta xayriya aksiyasi uyushtirib, 11 million so‘mni o‘zlashtirgan yigit qo‘lga olingani hamda banklarga berilgan kreditlar muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.

 

 

Bahriniso Madumarova tayyorladi.

Kreditning maqsadsiz ishlatilishi ehtimoli katta bo‘lgani uchun fuqaroga kredit ajratilmadi | Zamon.uz