Jamiyat

Soliqlarni endi bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni mavjud

Prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq Soliq kodeksiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.

Soliqlarni endi bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni mavjud

 

 

Jumladan, Kodeksning 99-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, soliqlarni, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni mol-mulkni garovga qo‘ymay bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi belgilandi. Buning uchun kafillik yoki bank kafolati bo‘lishi shart emas. Daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, to‘lov manbaidan olinadigan foyda solig‘i bundan mustasno.

 

Shuningdek, Kodeksning 100-moddasiga ham qo‘shimcha kiritildi. Endi soliq qarzini muddatida to‘lashga moliyaviy imkoniyati yetmaydigan manfaatdor shaxslarga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berildi. Bunda uning tashkiloti 3 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritgan, shu vaqtgacha soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan bo‘lishi lozim.

 

 Kodeksning 378-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bundan buyon soliq to‘lovchining O‘zbekiston Respublikasining professional (yaʼni, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar) va oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish uchun  yo‘naltiriladigan daromadlari soliqqa tortilmaydi. Bunda shaxs 26 yoshga yoshga to‘lmagan farzandlarining taʼlim olish uchun to‘lanadigan summasi nazarda tutiladi. Bunga to‘lovchi o‘zining, ayol kishi turmush o‘rtog‘ining o‘qishiga to‘laydigan summalari ham kiradi. 

 

Maʼlumot uchun: ilgari ushbu imtiyoz faqat oliy taʼlim bo‘yicha tatbiq etilgan.

 

Bundan avval 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun ijtimoiy soliq summasi davlat byudjetidan qoplanishi, tadbirkorlarning soliq hisobotini muddatida taqdim etmaganligi uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llash bekor qilinishi hamda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga qanday javobgarliklar belgilangani haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Andiyev

Soliqlarni endi bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni mavjud | Zamon.uz