Jamiyat

2022-yil 1-aprelgacha yer osti metrosi ichida ham telefonda gaplashish imkoni paydo bo‘ladi

2022-yil 1-aprelgacha yer usti halqa metro bekati yo‘nalishida yo‘lovchilar uchun bepul WI-FI tizimidan hamda yer osti metro bekatlarida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

2022-yil 1-aprelgacha yer osti metrosi ichida ham telefonda gaplashish imkoni paydo bo‘ladi

 

Bu haqda “Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

 

Unga muvofiq, “Toshkent metropoliteni” UK “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidan chiqarilib, Transport vazirligi tizimiga o‘tkazildi hamda nomi “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasiga o‘zgartirildi.

 

Endi “Toshkent metropoliteni” DUKdan 2024-yil 1-yanvargacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan, shuningdek, tegishli ro‘yxat bo‘yicha import tovarlarni  davlat hududiga olib kirishda ulardan bojxona to‘lovlari olinmaydi. Bunda qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imlaridan tashqari to‘lovlar nazarda tutilgan.

 

Qarorga asosan, 2022-yil 1-iyulgacha 7 ta metro bekatida (Beruniy, Chorsu, Paxtakor, Olmazor, Turkiston, Qo‘yliq bozori, Chilonzor) transport o‘tish bog‘lamalari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2022-yil 1-oktabrgacha Toshkent shahriga kirib keluvchi yo‘lovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati (Turkiston, Yunusobod, Chilonzor va yer usti halqa liniyasining 3,- 4- va 5-bekati) atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi.

 

2022-yil 1-yanvardan shu bo‘yicha bir nechta maʼlumot va xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi. Metropoliten yo‘nalishlari va ularning qurilishi bo‘yicha maʼlumotlar, bekatlar, ular atrofida joylashgan obyektlar va jamoat transporti yo‘nalishlari haqida axborot beradigan ilovalar, shular jumlasidan. Elektron to‘lov tizimi yana-da ommalashadi. 

 

Bundan avval 30 avgustdan Toshkent metrosining barcha yo‘nalishlari soat 05:00 dan 00:00 gacha ishlashi, Rossiyadan O‘zbekistonga 20 ta zamonaviy metro vagonlari yuborilgani hamda 10 ta yangi poyezd qaysi mablag‘ evaziga sotib olinishi maʼlum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

2022-yil 1-aprelgacha yer osti metrosi ichida ham telefonda gaplashish imkoni paydo bo‘ladi | Zamon.uz