Farg‘onada plastik kartadan pul o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga tushdi
So‘nggi paytlarda o‘zgalar ishonchiga kirib, mol-mulkni o‘zlashtirish holatlariga tez-tez guvoh bo‘layapmiz. Jinoyatga jazo muqarrar. Buni Farg‘onada sodir bo‘lgan holat misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Farg‘ona viloyati Quva tumanida plastik kartochkadan pul o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, 14-oktabr kuni R.M ismli ayol IIBga murojaat qilib, 6-oktabr kuni nomaʼlum shaxs unga tegishli bo‘lgan bank plastik kartochkasidan jami 1 million 361 ming 700 so‘m miqdoridagi pullarini uning ruxsatisiz yashirin ravishda o‘g‘irlaganini bildirgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari davomida ushbu jinoyatni A.A sodir etgani aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Quva tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan zudlik bilan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b”bandi (o‘g‘irlik) ga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat sodir etgan shaxs sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Avvalroq Peshku tumanida ijtimoiy tarmoq orqali o‘g‘rilik qilgan shaxs qo‘lga olingani, Buxoroda internetdagi yutuqli o‘yinlar orqali fuqaroni chuv tushirgan shaxs ushlangani, soxta xayriya aksiyasi uyushtirib, 11 mln so‘mni o‘zlashtirgan yigit aniqlangani hamda Andijonda virtual firibgar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.







