Yangi saylangan Prezident inauguratsiyasida ilk marta prezidentlik belgisi va shtandarti (bayrog‘i) bo‘lishi kutilmoqda
Saylangan nomzod ana shundan so‘ng prezidentlik lavozimiga kirishadi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti saylov natijalari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 2 oy ichida Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida qasamyod qiladi. Saylangan nomzod ana shundan so‘ng prezidentlik lavozimiga kirishadi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 24-oktabrida mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tdi. Ertasi kuni eʼlon qilingan natijalarga binoan O‘zLiDeP nomzodi, amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
Yangi saylangan Prezidentning inauguratsiya jarayoni qachon va qanday holatda bo‘lishi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Lekin hozircha bu borada aniq sana aytilgani yo‘q.
Eslatma: bu galgi inauguratsiyada ilk marta prezidentlik belgisi va shtandarti (bayrog‘i) ham bo‘lishi kutilmoqda.
Prezident belgisi va shtandarti (bayrog‘i) tavsifi, ulardan rasmiy foydalanish tartibi Prezident tomonidan belgilanadi.
Maʼlumot o‘rnida: shtandart – maxsus turdagi bayroq. Xorijiy davlatlarda u prezidentlik belgisi (ramzi) hisoblanadi. Shtandart (bayroq) prezident ishtirok etadigan barcha muhim tadbirlarda, inauguratsiya (qasamyod qabul qilish) paytida hamda prezident qarorgohlarining binolari va xizmat xonalarida ko‘tariladi.
Prezident belgisi – prezidentning farqlovchi rasmiy belgisi. Bu belgi prezidentlikka saylangan shaxsni o‘z lavozimiga yuklatilgan og‘ir vazifalarni samarali amalga oshirishida xalq va jamiyat bildirgan ishonch belgisi sifatida xizmat qiladi.
Prezident belgisi ushbu lavozimga saylangan shaxsga lavozimga kirishish chog‘ida u qasamyod qabul qilganidan so‘ng topshiriladi va konstitutsiyaviy vakolat muddati tugagunga qadar prezidentda saqlanadi.
Bundan avval saylovda O‘zLiDeP nomzodi g‘olib bo‘lsa, poytaxt qanday o‘zgarishi maʼlum bo‘lgani, nomzodlar Shavkat Mirziyoyevni tabriklagani hamda 2016-yilgi saylov jarayonlari haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







