Fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan “uddaburonlar” ushlandi
Chimkent davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga ularning har biridan 1 200 AQSH dollaridan jami 2 400 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uzun tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergov o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, tergovga qadar tekshiruvda, tumandagi umumiy o‘rta taʼlim maktab direktori M.B. fuqaro M.M. bilan oldindan til biriktirib, ikki nafar fuqaroni tanishlari yordamida Qozog‘iston Respublikasi, Chimkent davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan. Evaziga esa ularning har biridan 1 200 AQSH dollaridan jami 2 400 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar qilishicha, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi va Bektemir tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bu jinoiy ish fosh etildi. Aniqlanishicha, O‘zbekiston milliy universiteti magistratura bosqichi talabasi O.R. fuqaro O.ga o‘zini dekanat xodimi sifatida tanishtirib, uning Qozog‘iston Respublikasi oliygohidagi o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish, universitetning 2-kursiga qabul qilingani haqida buyruq chiqartirib berish hamda o‘qitiladigan fanlardan baho qo‘ydirtirish evaziga 1 000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda 2.000 dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan o‘qituvchi, Toshkentda fuqaroni Qirg‘izistonga o‘qishga kiritib qo‘yishi uchun undan 3,5 ming dollar so‘ragan shaxs qo‘lga tushgani, Andijonda o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan institut hisobchisi va talaba hamda Qoraqalpog‘istonda 29 nafar abituriyentni 83 ming AQSH dollari evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.







