Andijonda tijoratda pora evaziga og‘dirib olish holati fosh bo‘ldi
Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabariga ko‘ra, departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Maʼlum qilinishicha, “T.” MCHJ rahbari M.A., viloyat Iqtisodiy sudning qaroriga asosan “T.”MCHJ hisobidan “I” MCHJ foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan 184 million so‘mni o‘tkazib berish evaziga “I” MCHJ rahbaridan 5 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-9-moddasi (tijoratda pora evaziga og‘dirib olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan “uddaburonlar”, Qo‘qon shahrida IIO xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani, Xonobodda noqonuniy yer maydonini sotganlar aniqlangani hamda Buxoroda 10 ming dollar evaziga uy-joy qurish uchun yer olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.







