Samarqandda aliment to‘lamagan qarzdor otaning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yildi
U farzandlari uchun 93 million so‘m to‘ladi.

Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi fuqaro uzoq vaqt farzandlari uchun o‘z vaqtida aliment to‘lamagan. Bu haqda MIB viloyat boshqarmasi xabar berdi.
Fuqarolik ishlari Tayloq tumanlararo sudining qaroriga asosan qarzdor O.I.dan undiruvchi D.I.ga ikki nafar farzandining taʼminoti uchun daromadning ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 21, 87-moddalariga asosan tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan. Olingan maʼlumotlarga asosan qarzdor otaning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yilgan.
Bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota shu kuni farzandlarining taʼminotini o‘ylab, 93 million 300 ming so‘m aliment pullarini to‘lab bergan.
Avvalroq qarzdor ota aliment to‘lovi o‘rniga farzandlariga uy bergani hamda 5 nafar bolaga aliment to‘lashdan bosh tortgan otaga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







