Buxoroda ilk bor buyrak ko‘chirish amaliyoti o‘tkazildi
Singil o‘z akasiga donorlik qildi.

Buxoro viloyatidagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ilk marotaba 43 yoshli erkakda buyrak transplantatsiyasi amalga oshirildi.
Tibbiyot markazida ko‘plab murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Biroq buyrak transplantatsiyasi birinchi marotaba respublikaning yetakchi mutaxassilari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
“O‘zida mazkur murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga rozilik bildirgan birinchi bemor 43 yoshli Faxriddin Bafoev. U bir necha yildan buyon buyrak yetishmovchiligi bilan davolanib keladi. Buyrak ko‘chirish uchun xorijga chiqishga imkoni bo‘lmagani sabab yurtimizda yo‘lga qo‘yilgan amaliyot unga umid bag‘ishladi”, – deydi markaz direktori Abdurahmon Norov.
Avvalroq O’zbekistonda inson aʼzolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilingani hamda 2022-yil yakunigacha barcha hududda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingandi.
Javohirbek Tursunov








