Andijonda aholining qariyb 70 mln so‘mi “yeb ketildi”
Uddaburonlar aholidan olgan kommunal to'lovlarni davlat hisobiga o'tkazib bermagan.

Andijon viloyati Shahrixon tumanlararo pochta aloqa bog‘lanmasi tarkibidagi “Qoziqo‘rg‘on” aloqa bo‘limi boshlig‘i D.A. va boshqalar fuqarolardan kommunal to‘lovlari uchun qabul qilingan 69,8 mln so‘m naqd pulni hisob-raqamiga kirim qilmay, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Ushbu holat viloyat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shahrixon tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fosh bo‘ldi. Tekshiruv davomida yetkazilgan zararning 11,4 mln so‘mi undirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







