O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyev O‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali ishtirokchilarini tabrikladi

“Ushbu muhim tadbir elu yurtlarimizning umumiy ezgu maqsadlari va orzu-intilishlari mushtarak ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi”, — deyiladi Prezident tabrigida.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali ishtirokchilarini tabrikladi

 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

 

“Muhtaram festival qatnashchilari!

 

Qadrli do‘stlar!

 

Avvalambor, Turkmanistonning betakror Dashoguz shahrida bo‘lib o‘tayotgan bugungi do‘stlik festivali yuksak darajada tashkil etilgani uchun Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga hamda barcha tashkilotchilarga o‘zimning chuqur minnatdorligimni izhor etaman.

 

Hech shubhasiz, o‘zaro tarixiy-madaniy aloqalar o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik birodarlikning mustahkam tamal toshi bo‘lib kelmoqda. Chin qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yana-da kuchaytirishga qaratilgan ushbu muhim tadbir esa elu yurtlarimizning umumiy ezgu maqsadlari va orzu-intilishlari mushtarak ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi.

 

Qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda barcha ustuvor sohalarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

 

Shu o‘rinda Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Berdimuhamedovning joriy yil iyul oyida Toshkentga amalga oshirgan tarixiy tashrifi strategik sherikligimizni yana-da chuqurlashtirishga katta kuch va shiddat bag‘ishlaganini alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman.

 

Shuningdek, ko‘p qirrali munosabatlarimizning yuksak ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhida rivojlanib borishida Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi muhtaram Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov Janobi Oliylarining ham misli ko‘rilmagan hissasi borligini aytib o‘tishni istar edim.

 

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

 

Qardosh xalqlarimiz o‘rtasida madaniy-maʼrifiy aloqalar yil sayin faollashib boryapti, turli konsert va festivallar, ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda, madaniyat va kino kunlari o‘tkazilmoqda, yurtimizda turkman milliy madaniyat markazlari ishlamoqda.

 

Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Fanlar akademiyasi tomonidan tayyorlangan 100 jilddan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli asarlar majmuasining 10 ta jildi turkman adabiyoti namunalariga ajratildi. Ushbu jamlanmadan Ozodiy, Andalib, Maxtumquli, Mullanafas, Berdi Kerbobayev, Xidir Deryayev, Otajon To‘g‘on kabi o‘nlab mashhur mumtoz va zamonaviy shoir-yozuvchilarning sara asarlari joy olgani ayniqsa eʼtiborlidir.

 

Shuningdek, 2018 yilda Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga turkman xalqining buyuk farzandi, mutafakkir shoir, turkman adabiyotining yorqin namoyandasi Maxtumquli nomi berilib, so‘lim xiyobon barpo etildi, shoir siymosi aks etgan barelyef o‘rnatildi.

 

Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Turkmanlar” mahallasida joylashgan qadimiy “Ulli hovli” yodgorlik majmuasi qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Poytaxtimiz markazida bunyod etilgan “Ashxobod” bog‘i minglab vatandoshlarimiz va poytaxtimiz mehmonlarining sevimli go‘shasiga aylanib ulgurdi.

 

Turkmanistonda istiqomat qilayotgan o‘zbeklar uchun alohida eʼtibor ko‘rsatib kelinmoqda. Yaqinda betakror Ashxobod shahrida barpo etilgan muhtasham “Toshkent” bog‘i esa o‘zbek va turkman xalqlarining abadiy do‘stligi ramzi bo‘lib qoladi.

 

Ishonchim komilki, ikki qardosh va azaliy do‘st ellarimizning qalblarini bir-biriga chambarchas bog‘laydigan bu kabi madaniyat bayramlari hamjihatlikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan bundan keyin ham izchil davom etadi.

 

Festivalning barcha ishtirokchilariga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va ezgu faoliyatlarida yangi muvaffaqiyatlar tilayman”, — deyiladi davlat rahbarining tabrigida.

 

custom img

Dunyoda shakar taqchilligi xavfi kuchaymoqda: narxlar 25 foizdan ko‘proqqa oshdi

El-Nino shakar bozoriga eng kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy hodisalardan biri hisoblanadi.

custom img

Ko‘mir qachon va qayerdan sotiladi? “O‘zbekko‘mir” rasmiy ma’lumot berdi

Ayni paytda hududlarga ko‘mirni taqsimlash va birja savdolariga chiqarish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

custom img

Saida Mirziyoyeva ustoz va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

U o‘qituvchilarning yosh avlod tarbiyasidagi sa’y -harakatlarini e’tirof etdi.

custom img

Ishdan bo‘shatilganlar uchun yangi tartib: muddatidan oldin pensiya olish mumkin

Belgilangan yosh va mehnat stajiga ega bo‘lib, ishdan bo‘shatilgan ayrim fuqarolarga uch oy davomida ish topilmasa, muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlanadi.

custom img

Qabul-2026: imtihondan “yiqilgan” qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi

Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan yoshlar uchun 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’limga qo‘shimcha 500 ta maqsadli va 6 500 ta to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari tasdiqlandi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylarini tabrikladi

Tabrikda ta’lim sohasidagi yutuqlar qayd etilib, ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishi ma’lum qilindi.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janni Infantinoni qabul qildi

Uchrashuvda U-20 jahon chempionati va futbolni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

Chipta yo‘q, qarshilik bor: Toshkentlik yo‘lovchi 3 sutkaga qamaldi

Fuqaro avtobusdan tushganidan so‘ng yo‘l haqi to‘langanini tasdiqlovchi hujjatni so‘ragan nazoratchi bilan janjallashib, unga kuch ishlatishga uringan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"