Shimoliy Amerika osmonidagi urib tushirilgan obyektlar aslida nima edi ?
AQSH va Kanadaning boshi qotgan.

Kanada hukumati o‘tgan hafta Kanada va AQSH havo kengliklarida urib tushirilgan obyektlar nima ekani va qaysi davlatga tegishli ekanini bilmaydi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo maʼlum qildi.
"Biz bu obyektlar nima ekanligini hali aniq bilmaymiz, lekin ular fuqarolik havo qatnoviga haqiqiy xavf tug‘dirganini bilamiz, shuning uchun kerakli choralarni ko‘rishga majbur bo‘ldik", — dedi bosh vazir.
Shimoliy Amerika Qo‘shma Aerokosmik Mudofaa Qo‘mondonligi (NORAD) tomonidan urib tushirilgan uchta obyekt haqida Tryudo "hali javob berilishi kerak bo‘lgan ko‘plab savollar mavjudligini" taʼkidladi.
“Va biz amerikalik hamkorlarimiz bilan bu javoblarni topish uchun ishlayapmiz”, - deya xulosa qildi u.
Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden o‘tgan hafta Shimoliy Amerika osmonida urib tushirilgan uchta shar xorijiy razvedka mashinalari emas, balki xususiy kompaniyalar yoki tadqiqot muassasalarining havo sharlari bo‘lgan, deb hisoblashini aytgandi.
O‘tgan hafta NORAD uchta nomaʼlum obyektni ro‘yxatdan o‘tkazdi, ulardan ikkitasi AQSH harbiylari tomonidan milliy havo hududida va bittasi Kanada hududida urib tushirilgan. Taʼkidlanishicha, uchala obyekt ham avval urib tushirilgan Xitoy sharidan ancha kichikroq bo‘lib, pastroq balandlikda harakatlangan va tashqi ko‘rinishi ham Xitoy aerostatiga o‘xshamaydi.







