El-Ninyo 347 mln bolaga tahdid solmoqda: UNICEF xavfdan ogohlantirdi
El-Ninyo kuchli toshqinlar, qurg‘oqchilik, suv va oziq-ovqat tanqisligi hamda kasalliklar xavfini oshirishi mumkin.

2026-yil oktyabr–dekabr oylarida El-Ninyo iqlim hodisasi sabab 100 ga yaqin mamlakat va hududdagi 347 milliondan ortiq bola ekstremal ob-havo sharoitlariga duch kelishi mumkin. Bu haqda UNICEF maʼlum qildi.
Tashkilot prognozlariga ko‘ra, El-Ninyo ayrim hududlarda odatdagidan ancha nam yoki quruq sharoitlarni yuzaga keltiradi. Bu esa kuchli suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va kasalliklar tarqalishi xavfini oshirishi mumkin.
UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rasselning taʼkidlashicha, El-Ninyo bolalar uchun shunchaki tabiiy iqlim hodisasi emas. Uning oqibatlari aholi ko‘chishi, to‘yib ovqatlanmaslik, suv tanqisligi va kasalliklar avj olishiga olib kelishi mumkin.
Xavf ostidagi bolalarning eng katta qismi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida — qariyb 190 million nafar. Sharqiy va Janubiy Afrika, shuningdek, Lotin Amerikasi va Karib dengizi hududlarining har birida taxminan 41 million bola xavf ostida qolishi mumkin.
UNICEF, shuningdek, kuchli yog‘ingarchiliklar suv toshqinlarini keltirib chiqarishi, maktablarning yopilishi va bolalar davomatining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Tashkilot maʼlumotlariga ko‘ra, El-Ninyo bilan bog‘liq iqlim hodisalari 2025-yilda dunyo bo‘ylab 171 million maktab o‘quvchisining taʼlimiga taʼsir qilgan.
Tashkilotning qayd etishicha, dunyo bo‘yicha 1,1 milliard bola — yaʼni barcha bolalarning qariyb yarmi — allaqachon qurg‘oqchilik, haddan tashqari issiqlik yoki suv toshqini kabi kamida uchta iqlim xavfiga duchor bo‘lmoqda. El-Ninyo esa bu xavflarning oqibatlarini yana-da kuchaytirishi mumkin.
UNICEF hukumatlar va gumanitar tashkilotlarni El-Ninyoning ehtimoliy oqibatlariga oldindan tayyorgarlik ko‘rishga hamda bolalarni himoya qilish choralarini kuchaytirishga chaqirdi.
El-Ninyo — markaziy va sharqiy ekvatorial Tinch okeanida suv haroratining odatdagidan yuqori bo‘lishi bilan bog‘liq tabiiy iqlim hodisasi. U odatda har ikki–yetti yilda bir marta kuzatiladi va dunyoning turli hududlarida harorat hamda yog‘ingarchilik rejimiga taʼsir ko‘rsatadi.







