Jizzaxda bandlik boshqarmasi xodimi pora bilan ushlandi
U soxta sertifikat tayyorlab, fuqaroga sotmoqchi bo‘lgan.

Jizzax viloyati bandlik bosh boshqarmasida masʼul lavozimda ishlagan mansabdor shaxs pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda “Yangi O‘zbekiston” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, viloyat IIBga Jizzax shahrida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, kasb-hunarga o‘qitganlik to‘g‘risidagi sertifikat tayyorlab berish evaziga pora talab qilinayotganini bildirgan.
Jizzax viloyati bandlik bosh boshqarmasida masʼul lavozimda ishlab kelgan Sh.Sh. kasbga o‘qitish bo‘yicha sertifikat tayyorlab berish evaziga fuqarodan xizmatlari evaziga 400 AQSH dollari berishini talab qilgan.
Sh.Sh. Mirzacho‘l tumani kasb-hunar markaziga tegishli mutaxassislik sertifikatini soxtalashtirgan holda 400 AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lib, oldindan 1 million 100 ming so‘mini 100 AQSH dollari hisobida olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga tushgan.
Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.







