Keksa siyosatchilar o‘yindan chiqariladimi?
AQSHda 75 yoshdan katta siyosatchilarni ruhiy tekshiruvdan o‘tkazish taklif qilindi.

AQSH prezidentligiga respublikachilardan nomzod Nikki Xalli 75 yoshdan katta siyosatchilarni ruhiy tekshiruvdan o‘tkazishni taklif qildi. Shuningdek, u lavozimda qolish muddatini cheklash kerakligini ham aytmoqda.
Amerikaning amaldagi prezidenti Jo Bayden esa yaqinda 81 yoshga to‘ladi. Aynan yosh unga keyingi saylovda ishtirok etishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Respublikachilardan nomzod Nikki Xalli taklif qilgan test aqliy salohiyatni baholash uchun bazaviy sinov sanaladi.
U mazkur tashabbusni oldinga surishiga siyosatchilarning o‘zini tutishidagi g‘ayritabiiylik sabab bo‘ldi. U respublikachilarning Senatdagi yetakchisi, 81 yoshli Mitch Makkonnell hamda AQSH vakillar palatasining sobiq spikeri, 83 yoshli Nensi Pelosini misol qilib keltirdi.
Yuzaga kelayotgan savollar nafaqat siyosatchining aqliy salohiyati, balki ishiga xalaqit qiladigan kasalliklar bilan bog‘liqdir.
O‘z o‘rnida Oq uy Jo Bayden har yili qator tibbiy sinovlardan o‘tishini bildirdi. Mazkur sinovlarda uning ishchanlik qobiliyati tekshiriladi. Ammo Oq uy test natijalarini ochiqlamaydi.
Tahlilchilar masalaning ikkinchi qismida aytilgan lavozimda qolishni cheklash muammoga yechim bo‘lmasligini aytmoqda.
Jumladan, AQSH qonunlari Baydenning yoshiga qaramay unga saylovda o‘z nomzodini ko‘rsatishni taqiqlamaydi.
Yevropa bilan taqqoslaganda umuman boshqacha vaziyatni ko‘rish mumkin.
Masalan Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni 50 yoshdan kichik. (Ular mos ravishda 43, 45 va 46 yoshda).
Yevrokengashda o‘rtacha yosh 53,17 bo‘lsa, AQSH senatida bu ko‘rsatkich 64,15 yoshni tashkil qiladi.
Yevropa kengashida vaziyat quyidagicha:
- o‘rtacha yosh - 53,17
- eng keksa siyosatchi - Olaf Shols, 65 yoshda
- eng yosh aʼzosi - Leo Varadkar, 44 yoshda
- kengash aʼzolarining 20%i yoki 6 kishi 60 yoshdan kattalar
- 44%i yoki 13 kishi 50 yoshdan kichik bo‘lganlardir.
G20:
- yetakchilarning o‘rtacha yoshi - 61,65 yosh
- eng keksa yetakchi - Jo Bayden, 80 yoshda
- eng yosh - Muhammad bin Salmon, 38 yosh
- aʼzo davlatlar yetakchilarining 26 foizi yoki 6 nafari 70 va undan katta yoshda
- 21 foizi yoki 5 nafari 50 yoshdan kichiklar.
AQSH senati:
- o‘rtacha yosh - 64,15
- eng keksa senator - Dayann Faynstayn, shu yilning 29 sentyabrida 90 yoshida vafot etdi
- eng yosh senator - Jon Ossof, 39 yoshda
- senat aʼzolarining 2 nafari 90 dan oshgan, 5 nafari 80 yoshdan katta
- 34 foizi yoki 34 nafari 70 yoshdan katta
- 68 foizi yoki 68 nafari - 60dan oshganlar
- 11 foizi yoki 11 nafari 50 yoshdan kichiklardir.
Portugaliyaning xalqaro munosabatlar instituti ilmiy xodimi Mikelanjelo Varchesi bosh vazirlarning saylanish tizimini tahlil qildi.
"Odatda bosh vazirlar lavozimga parlament, partiya yoki hukumatda ishlab, tajriba orttirgach kirishadi. Ammo hozir siyosiy tajribasi kamroq bo‘lgan yosh siyosatchilar o‘yinga kirishmoqda. Ko‘pincha, bu siyosatchilar lavozimdan ketgach, xususiy biznesga kirishadi" , - deydi u.
O‘rtacha hayot davomiyligi oshib borishi bilan siyosatga kirish uchun minimal yosh belgilangan. Ammo maksimal yosh chegarasini qo‘yish fiskriminatsiya deb baholanmoqda. Bu esa AQSH konstitutsiyasi bilan taqiqlangan.







