Grenadadagi sammit: puchga chiqqan rejalar
Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti qitʼada birdamlik yetishmayotganini ko‘rsatdi

Yevropa siyosiy hamjamiyati Ispaniyaning Grenada shahrida jam bo‘ldi. Unda faqat Rossiya, Belarus, Ozarbayjon va Turkiya qatnashmadi.
Yuqoridagilardan tashqari 45 davlat va hukumat rahbarlari Yevropa siyosiy hamjamiyatining uchinchi yig‘ilishida qatnashdi.
Uchrashuvning bunday formati qitʼa va uning YEIga kiruvchi va kirmaydigan davlatlariga iqlim, xavfsizlik, energetika va migratsiya masalalarini muhokama qilish imkonini beradi.
Bu safar Yevroittifoqning kengayishi kun tartibining asosiy mavzusi bo‘ldi. Uning yetakchilari Ukrainaga yordam vaʼda qilgan bir paytda Vladimir Zelenskiy ularni Moskvaga nisbatan ogohlikka chaqirdi.
Vladimir Zelenskiy, Ukraina prezidenti:
- Oldimizda turgan asosiy vazifa - Yevropada birlikni saqlash. Men nafaqat YEI davlatlari, balki butun Yevropani nazarda tutyapman. Menimcha biz duch kelayotgan eng katta muammo quyidagicha: Rossiya axborot, dezinformatsiya va feyklar orqali hujumni davom ettiradi.
Ukraina va Moldaviya YEIga shu yilning o‘zidayoq kirishni istashini bildirdi. Bundan tashqari, G‘arbiy Bolqonning 6 davlati ham aʼzolik bo‘yicha aniq muddatlar belgilanishini talab qilmoqda. Bu davlatlarning bari umumiy byudjetga ajratilgandan ko‘ra ko‘proq mablag‘ olishga umid qilmoqda.
Leo Varadkar, Irlandiya bosh vaziri:
- Kengayish Yevropa uchun doim foydali. Bu umumiy xavfsizlikni taʼminlash, demokratiya va inson huquqlarini mustahkamlash hamda Yevropa iqtisodiyotining o‘sishi va rivojlanishiga yordam beradi. Bu taraflarini ko‘rganimizda moliyaviy hisob-kitoblarga qaramasligimiz kerak.
Dastlabki rejaga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari YEI vositachiligida uchrashishi kerak edi. Ular Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi vaziyatni muhokama qilishi kutilayotgandi. Ammo Ilhom Aliyev Granadaga kelishdan bosh tortdi.
Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel YEI Kavkaz hududidagi stabillikdan manfaatdor ekanini taʼkidlab, Bokudan mojaroni kattalashtirmaslikni talab qildi.
Sharl Mishel, Yevrokengash raisi:
- Bir necha kun oldin men Ozarbayjon prezidenti bilan telefon orqali suhbatlashdim. U Armanistonga hududiy daʼvosi yo‘qligini aniq aytdi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, davlatlar o‘zaro hududiy yaxlitlikni tan olgan.
Ammo ko‘pchilik tahlilchilar Granadadagi sammit Yevropada birlik va muloqot istagi yo‘qligini ko‘rsatganini aytmoqda. Sammitga kelmagan Turkiya prezidenti va Ozarbayjon prezidanti fransiyalik hamkasbi hamda Germaniya kansleri bilan uchrashishi kerak edi. Shuningdek, Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunakning yalpi yig‘ilish oxirida kelib qolgani ham jurnalistlar va kuzatuvchilar hafsalasini pir qildi.







