Yevrokomissiya rahbari Kiyevga keldi
Ukraina Yevroittifoqga kirish uchun “ijobiy signal” kutmoqda.

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Kiyevga yetib keldi.
U Ukraina parlamentida so‘zga chiqishi kutilmoqda.
Kiyev Yevropa Ittifoqi rahbaridan Ukrainaning YIga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishi haqida “ijobiy signal” olishini kutmoqda.
Shu bilan birga, “Strana” nashri Ukraina hukumatidagi manbasiga tayanib, safar davomida mamlakatning YIga kirishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishi haqida hech qanday bayonot berilmasligini ma’lum qildi. Nashr manbasiga ko‘ra, Ukrainaning YIga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar haqida gapirishga hali erta – birinchi navbatda tavsiyalar bajarilishiga ijobiy baho berilishi kerak.
2022 yilning 28-fevralida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini imzoladi. O'sha yilning 23-iyunida Bryusselda bo'lib o'tgan sammitda YI davlat va hukumat rahbarlari Ukraina va Moldovaga hamjamiyat a'zoligiga nomzod maqomi berilishini ma'qullagan edi. Tegishli muzokaralar jarayonini boshlash uchun davlatlar qator shartlarni, jumladan, islohotlarni bajarishi kerak.







