Suvimiz tugab bormoqda
So‘nggi yillarda Yevropa aholisining 30 foizi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda. Bu vaziyatni o‘nglash mumkinmi?

Bugun ko‘pchilik suvni qayerdan olish haqida qayg‘urmay yashasa ham bo‘ladi. Ammo sayyora odamlar bilan to‘lib borishi va suvga talabning oshishi fonida inqiroz yuzaga kelmoqda. U yildan-yilga kattalashib, global muammoga aylanadi.
Insonning kundalik ichishi uchun 2 litr suv yetadi, ammo ovqat tayyorlash uchun kuniga 3 ming litr suv sarflanadi. Bu talabni qondirish qishloq xo‘jaligi uchun kundan-kunga murakkab vazifaga aylanib bormoqda. Irrigatsiya tizimlari dunyodagi chuchuk suvning 70 foizini sarflaydi.
London qirollik kollejining ekologiya siyosati bo‘yicha professori Naxo Mirumachining so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘p import qilgani uchun dunyoning boshqa qismlaridagi suv sarfini kuzatib turishga majbur.
Hozirgi kunda Yer yuzidagi qariyb 3,6 mlrd odam yetarlicha suv ishlatish imkoniga ega emas. Ularning katta qismi Yaqin Sharq va Afrikada yashaydi.
BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi agentligining yer va suv resurslari bo‘yicha mutaxassisi Jippe Xugevin Yevropada harorat o‘ta qizib ketayotgani tufayli qitʼada ayrim mahsulotlarni yetishtirib bo‘lmayotganini aytadi.
Ispaniya esa bu vaziyatda eng ko‘p zarar ko‘rayotgan davlatdir. So‘nggi uch yil davomida mamlakatda yog‘ingarchilik past, harorat esa yuqori bo‘ldi. Mamlakat meteorologiya xizmati shu yil boshida uzoq muddatli qurg‘oqchilik boshlanayotganini eʼlon qildi. Ispaniya fermerlar tashkiloti ayrim ekin maydonlari butunlay foydalanishga yaroqsiz holga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Yevropaning shimoliy va sharqiy qismlari ham qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda. Yomg‘irli albion bo‘lgan Buyuk Britaniya ham qurg‘oqchilikka duch kelib, qishloq xo‘jaligida oqsashni boshlagan.
Suv resurslari yetishmovchiligi nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki energetika sektoriga ham zarar yetkazadi. Daryolarda suv sathi pasayishi gidroenergetika hajmining ham pasayishini bildiradi.
Olimlar 2030 yilga borib Yer aholisi 8,5 mlrdga yetishini aytmoqda. Bu esa suv tanqisligini yana-da kuchaytiradi. O‘shanda suv resurslariga bosimni yumshatish, yaʼni tabiatga g‘amxo‘rlik bilan odamlarni suv bilan taʼminlashga ehtiyoj seziladi.
Xalqaro meteorologiya tashkiloti jahonda suv aylanmasi muvozanatdan chiqayotganini bildirdi. Tashkilot 2022 yil uchun "Global suv resurslari" xisobotida suv siyosatini o‘zagidan o‘zgartirishni tavsiya qilgan.







