Argentinaga yangi prezident saylandi
Yangi prezident 10 dekabrda rasman o‘z lavozimiga kirishadi.

Prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida libertar iqtisodchi Miley deyarli 56 foiz ovoz olib, raqibi Iqtisodiyot vaziri Serxio Massadan ustun keldi. Miley 10 dekabrda rasman o‘z lavozimiga kirishadi.
Massa mag‘lubiyatni tan olganidan so‘ng, Miley Buenos-Ayresdagi tarafdorlariga murojaat qildi.
"Bugun Argentinaning tiklanishi boshlanadi, bu tarixiy kecha", — deya uning so‘zlarini keltiradi RBK.
Argentinaning yangi prezidentini g‘alabasi ko‘pchilik, xususan, Donald Tramp (Miley ko‘pincha AQSHning 45-prezidentiga qiyoslanadi) ham tabrikladi:
"Butun dunyo saylovni tomosha qilardi! Men siz bilan juda faxrlanaman. Siz o‘z mamlakatingizni yana buyuk Argentinaga aylantirasiz", — deb yozdi Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida.
Miley o‘zining saylovoldi dasturida milliy valyutadan voz kechib, Amerika dollariga o‘tish, Markaziy bank va bir qator vazirliklarni tugatishni nazarda tutgan. Miley, shuningdek, abortni taqiqlash bo‘yicha referendum o‘tkazishni ham rejalashtirgan.







