Yaponiyadagi zilzila qurbonlari soni 30 nafarga yetdi
Yerosti silkinishlari hafta davomida davom etishi kutilmoqda.

Yaponiyada ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi. Sunami xavfi darajasi pasaygan, biroq yuz mingga yaqin yaponiyalik tunni evakuatsiya markazlari – maktablar va sport zallarida o‘tkazmoqda.
Bosh vazir Fumio Kisida so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa, g‘arbiy qirg‘oq zonasi zarar ko‘rgan. Tabiiy ofat oqibatida jabrlangan hududlarga olib boruvchi yo‘llar buzilib ketgani qutqaruv ishlarini murakkablashtirmoqda.
Meteorologlarning maʼlumotlari dushanba kuni ertalabdan beri Yaponiyada 155 ta zilzila sodir bo‘lganini ko‘rsatdi. Yerosti silkinishlari hafta davomida davom etishi kutilmoqda. AQSH va Buyuk Britaniya allaqachon ofat oqibatlariga qarshi kurashda yordam taklif qilishdi. Zilzila oqibatida Isikava prefekturasida 200 dan ortiq uy yonib ketdi. 100 dan ortiq binolar qulab tushdi. Vayronalar ostida 17 kishi qolayotgani aytilmoqda.








