AQSHda 17 yoshli o‘quvchi maktabda otishma sodir etdi
Politsiya Perri shaharchasidagi maktabda yuz bergan otishmada o‘quvchi halok bo‘lgani va yana besh kishi yaralanganini tasdiqladi.

Amerika politsiyasi Ayova shtati Perri shahridagi maktabda yuz bergan otishmada o‘quvchi halok bo‘lgani va yana besh kishi yaralanganini tasdiqladi. 4 yanvar kuni sodir bo‘lgan otishmani o‘sha maktabning 17 yoshli o‘quvchisi uyushtirgan, u miltiq va kichik kalibrli to‘pponcha bilan qurollanib olgan. U maktabda o‘q uzish niyati haqida bir kun avval ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlum qilgan.
Halok bo‘lgan shaxs 6-sinf o‘quvchisi ekani, yaradorlar orasida to‘rt nafar maktab o‘quvchisi va bir maktab maʼmuriyati xodimi borligi aniqlandi. Yaralangan bolalardan birining ahvoli og‘ir.
OAV maʼlumotlariga ko‘ra, otishma uyushtirgan o‘quvchi o‘z joniga qasd qilgan.
Politsiya, shuningdek, maktab binosi ichidan portlatilmagan qo‘lbola portlovchi moslamani ham topdi, u zararsizlantirildi, dedi shtat jamoat xavfsizligi departamenti vakili Mitch Mortvedt matbuot anjumanida.
Otishma qishki taʼtildan keyingi maktabning birinchi kuni avvalida kuzatilgan, yaʼni maktabda nisbatan kam o‘quvchilar bo‘lgan. Jinoyat sabablari nomaʼlum.







