Eron kosmosga sunʼiy yo‘ldosh uchirdi
AQSH va uning ittifoqchilari bundan xavotirda.

Eron Soraya sunʼiy yo‘ldoshi past Yer orbitasiga muvaffaqiyatli uchirilganini eʼlon qildi. Bu haqda EFE agentligi xabar berdi.
Buning uchun eronlik muhandislar 100 kg gacha yuk ko‘tara oladigan Qaem-100 raketasidan foydalanishdi.
Eron rasmiylari sunʼiy yo‘ldoshning maqsadi nima ekanligini ochiqlamagan.
AQSH va uning qator ittifoqchilari eronlik mutaxassislar kosmik dasturdan ballistik texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishi mumkinligidan xavotirda. Bunday texnologiyalar, xususan, yadro qurolini yetkazib berish vositalarini yaratish uchun zarur.
Eron tomoni yadro dasturi tinch maqsadli ekaniga ishontirmoqda. Tehron kosmik dasturdan voz kechish niyatida emas.







